Zamonaviy uy-joylar qurilishi ko‘lami Buxoro viloyatida ham tobora kengayib bormoqda. O‘tgan yili viloyatda 923 uy-joy foydalanishga topshirildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
– Qurilishda 60 dan ortiq turdagi material va ashyolardan foydalaniladi. Ularning bir qismi, masalan, sement, metall cherepitsalar, armatura, suv isitgich, qozon, eshik-rom, bo‘yoq va boshqalar bozordagidan arzon narxlarda markazlashtirilgan tartibda yetkazib beriladi, – deydi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi Buxoro viloyati filiali bosh muhandisi Husniddin Nurmuhamedov.
“Buxoro qishloq qurilish servis” mas'uliyati cheklangan jamiyatida o‘tgan yili 3,5 million donadan ziyod devorbop material ishlab chiqarildi. Olot, Romitan, Qorako‘l tumanlaridagi qurilish tashkilotlari sub'yektning asosiy buyurtmachilaridir. Korxonaning barqaror faoliyat yuritishida soliq imtiyozlari ham muhim o‘rin tutmoqda.
Energiya tejamkor texnologiyalar bilan jihozlangan bunday korxonalar tomonidan o‘tgan yili viloyatda 114,4 million donadan ortiq devorbop material tayyorlandi. Ana shu mahsulotning 30 foizidan ortig‘i namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylarga yetkazib berildi.
Umumiy qiymati 290 ming yevroga teng, xalqaro andozalarga javob beradigan texnologiyalar bilan modernizatsiya qilingan G‘ijduvon tumanidagi “G‘ijduvon texstroyprogress plyus” mas'uliyati cheklangan jamiyati G‘ijduvon, Peshku, Shofirkon, Vobkent tumanlaridagi qurilish tashkilotlari, jumladan, uy-joylar bunyod etayotgan pudrat tashkilotlari buyurtmalarini o‘z vaqtida bajarib kelayotir.
Viloyatda o‘tgan yili qurilish materiallari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan 160 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Ular orasida zarurat tug‘ilganda muqobil yoqilg‘i – toshko‘mirda ishlaydigan g‘isht ishlab chiqaruvchi mini-zavodlar, temir-beton buyumlari, shlakoblok, penablok, ohak-gips tayyorlaydigan korxonalar bor. Ana shu loyihalarga tadbirkorlar va tijorat banklarining qariyb 40 milliard so‘mlik mablag‘i sarflandi. Yana bir muhim jihati, mazkur sarmoya hisobiga 2,4 ming yangi ish o‘rni yaratildi.
Viloyatda namunaviy loyihalar asosida 992 uy qurilishi olib borilmoqda. Ishonchli ta'minotchi sheriklarga tayangan va zamonaviy qurilish texnologiyasini qo‘llayotgan binokorlar yangi uylarni Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi arafasida foydalanishga topshirishni rejalashtirgan.