Audi kompaniyasi A8 flagman sedanining noyob versiyasi – 6 eshikli limuzin L ni chiqardi. Mashina yagona nusxada nemis kompaniyasining yevropalik mijozining buyurtmasi bilan tayyorlandi.
Hashamatli avtomobilni yaratish uchun bir yildan ko‘proq vaqt ketdi. Mutaxassislar mashinaga 2 ta qo‘shimcha eshikni o‘rnatish uchun mashinaning yon tomonlari va markaziy tunnelni ekstrudirlangan alyuminiydan yasalgan seksiyalardan foydalanib cho‘zishlariga to‘g‘ri keldi.
Bundan tashqari, kuzovning old stoykalari qayta ishlandi, tom konstruksiyasi kuchaytirildi, yo‘lovchilar bo‘lmasi va yukxona o‘rtasida qo‘shimcha ikkita to‘siq o‘rnatildi. Mashina 2,4 metrlik panoramali oyna bilan jihozlandi.
Mashinaning g‘ildiraklar bazasi 1,09 metrga uzaytirilib, 4,22 metrni tashkil qildi, avtomobilning uzunligi esa 5,26 metrdan 6,36 metrgacha uzaytirildi. Mashina og‘irligi 2418 kg ni tashkil qildi.
Mashinaning ichida elektrik sozlanuvchi, charm bilan qoplangan 6 ta alohida o‘rindiq o‘rnatildi. Markaziy konsol uchinchi qatorgacha uzaytirildi, bu salonning orqa qismida multimedia majmuasi displeyi, muzlatgich va klimat-kontrol panelini o‘rnatishga imkon berdi.
Limuzin 3 litrli benzinli, 310 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlandi. Motor 8 pog‘onali "avtomatik" uzatmalar qutisi bilan juftlikda ishlaydi. Yangi mashina 100 km/soat tezlikka 7,1 soniyada tezlasha oladi, maksimal tezligi esa 250 km/soat bilan chegaralangan.
Limuzin S8 sedanining kuchaytirilgan tormoz mexanizmlari hamda maxsus 19 dyuymli yengil qotishmali g‘ildirak disklari oldi. Bosh yorug‘lik faralari va orqa chiroqlarga qonun bo‘yicha bunday avtomobillar uchun talab qilinadigan qo‘shimcha signallar o‘rnatildi.
Autofil nashri ma'lumotlariga ko‘ra, limuzin Norvegiya qiroli Xarald V uchun uning taxtga o‘tirishining 25 yillik yubileyi munosabati bilan tayyorlandi.