Rossiyaning Tomsk politexnika universiteti olimlari, ko‘psonli kishilar tasvirlangan videolavhalarda kishilar yuzlari, ularning soni, yoshi va jinsini, hattoki jinoyatchi hamda terrorchilarni aniqlash imkonini beruvchi yangi algoritm ishlab chiqishdi. Bu haqda universitet hisoblash texnikalari kafedrasi professori Vladimir Spitsin TASS agentligiga bergan intervyusida ma'lum qilgan.
"O‘ylaymanki, ushbu ixtiro Parij voqealaridan keyin yanada muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Bugungi kunda butun dunyo terrorizm tahdidiga qarshi xavfsizlik choralarini kuchaytirish ustida bosh qotirmoqda. Albatta, xuddi shunga o‘xshash tizimlar, AQSh va Yevropada qo‘llaniladi, ammo ular boshqa texnologiyalar negizida ancha kichik o‘lchamli optikadan foydalanishadi. Vahimaga tushgan odamlar orasidan terrorchilar qancha tez topilsa, shuncha yaxshi", - degan professor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi uslub zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan bo‘lib, 1990 yilda matematik olim Yan Lekun taklif etgan tasvirlarni sinflash usuli negizida yaratilgan.
"O‘ta yuqori 4K Ultra HD o‘lchamli videotasvirlarni qaytash ishlash imkonini beruvchi yangi uslub yaratildi. U shu turdagi mavjud qurilmalardan bir necha marta tez ishlay oladi. Shu sababli, atrofdagi vaziyatni operator yordamisiz avtomatik nazorat qilish va kutilmagan holatlarni qayd etish imkonini beradi. Bundan tashqari, tasvirlar ham o‘ta aniq bo‘lishi bilan e'tiborga molikdir", - deb izoh bergan professor Vladimir Spitsin.
Oliy o‘quv yurti aspiranti Ilya Kalinovskiy neyron tarmoqlarining o‘ta aniqlikda ishlovchi original kaskadini ishlab chiqa oldi. Kalinovskiyning so‘zlariga ko‘ra, avvallari Full HD (1920 ga 1080 piksel) formati etalon hisoblanardi. 4K ya'ni 3840 ga 2160 piksel o‘lchamli format yangi hisoblanadi. Bunday videoni qayta ishlash va saqlash uchun esa, juda kuchli serverlar lozim bo‘ladi. Shuningdek, o‘tkazish xususiyati ham yuqori bo‘lgan kabellar tarmog‘i talab etiladi. Tomskda ishlab chiqilgan algoritm bunday videolar bilan 10 marta tezroq ishlash imkonini beradi.