Bishkekda mamlakat vazirlar mahkamasining navbatdan tashqari majlisi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Unda, hukumat raisi Temir Sariyev, mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan voqealarga o‘z qarashini bildiradi. Bu haqda, Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
13 aprel kuni, o‘z navbatida, mamlakat parlamenti bosh vazirga ishonchsizlik e'lon qilish masalasini muhokama etadi. Bunga, transport va kommunikatsiyalar vaziri Arginbek Malabayevning bosh vazir atrofidagi kishilarni, Baliqchi-Korumdu avtoyo‘lini rekonstruksiya qilish uchun tenderda Xitoy kompaniyasi manfaatlarini himoya qilishda ayblagani sabab bo‘ldi.
Bunga javoban, Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariyev transport va kommunikatsiyalar vaziri Arginbek Malabayevni vazifasidan ozod etish bo‘yicha taklifini prezident huzuriga kiritgan edi. Ammo, Atambayev buni rad etib, milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limiga bosh vazir hamda vazir o‘rtasidagi ziddiyat sabablarini o‘rganishga ko‘rsatma bergandi. Tergovchilar shuningdek, tender atrofidagi mashmashalar haqiqatga naqadar mos kelishini aniqlashlari lozim.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston davlat rahbari, hukumat rahbarining vazirlarni lavozimidan ozod etish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirish taklifini ham parlament muhokamasiga kiritdi.