O‘zbekistonda inson manfaatlariga qaratilgan ijtimoiy siyosat ko‘lami yanada kengaymoqda

O‘zbekiston 15:42 / 11.04.2016 3717

Ma'lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari, xususan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, kasaba uyushmalari, jamoatchilik tashkilotlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilishda, shuningdek jamoatchilik nazoratini muvaffaqiyatli amalga oshirishda davlat idoralariga ko‘makdosh bo‘lib kelmoqda.

Demokratik o‘zgarishlar hamda jamiyatni erkinlashtirish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari hamda davlat tashkilotlarining samarali hamkorligi aholining huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligi hamda huquqiy madaniyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi ham yurtimizdagi boshqa vazirlik, tashkilot va davlat idoralari singari muhim ahamiyatga molik masalalar yuzasidan turli jamoat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan bamaslahat ish ko‘rishga odatlangan. Ijtimoiy sheriklik asosida o‘rnatilgan hamkorlikni rasman tasdiqlash hamda bu aloqani yanada mustahkamlash maqsadida 2015 yil 3 dekabr — Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirida nogironlar manfaatini himoya qiluvchi 15 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari a'zoligida vazirlik huzurida Maslahat Kengashi tashkil etilgandi.

2016 yil 8 aprelda mazkur Maslahat kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu galgi tadbirda mehnat qonunchiligida 20 nafardan ortiq ish o‘rniga ega korxonalarda nogironlar uchun kvotalangan ish o‘rinlari belgilanishini nazarda tutuvchi me'yorlarning amaldagi ijrosi, bu borada jamoatchilik nazoratini o‘rnatish mexanizmlari muhokama etildi.

Ta'kidlanganidek, Mehnat vazirligi nogironlarning turmush sharoitini yaxshilash uchun zarur qulayliklarni yaratish, jumladan ijtimoiy korxonalarni tashkil etish orqali ular uchun munosib ish haqi va sharoitiga ega ish o‘rinlari yaratilishiga erishish borasida bir necha xalqaro tashkilotlar bilan ijtimoiy hamkorlik o‘rnatib kelayotgan bo‘lib, bunday hamkorlik doirasida belgilangan vazifalarni amalga tatbiq etishda milliy nodavlat notijorat tashkilotlarining ham faol ishtiroki ta'minlanishi muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, muhokamalar chog‘ida o‘z hayotlari bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlar qabul qilish borasida yuritiladigan ijtimoiy siyosatni amalga oshirish va takomillashtirishda nogironlar ham teng huquqli ishtirokchi sifatida ovozga ega bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2009 yil ratifikatsiya qilingan “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiya”da ham belgilab qo‘yilgani qayd etildi.

Ma'lumot tariqasida aytib o‘tish lozim, Maslahat Kengashi tarkibida nogironlar huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi, davlat ro‘yxatidan o‘tgan jamoat tashkiloti yoki nodavlat notijorat tashkiloti a'zo bo‘lishi mumkin.

Tadbir yakunida nogironlarning huquqlari va asosiy erkinliklari, xususan ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, ta'lim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, o‘zlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lish va ijtimoiy yordam huquqlari ta'minlanishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish borasida tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ko‘proq yangiliklar: