Myanma (sobiq Birma)ning yangi hukumati oxirgi kunlarda siyosiy sabablarga ko‘ra taqib qilingan 200 ga yaqin siyosiy mahbusni ozod etdi. Bu haqda mahalliy OAV xabar bermoqda.
The Global New Light of Myanmar hukumat gazetasining yozishicha, 161 nafar mahbus 8 aprelda ozod etildi. Ularning orasida siyosiy tadbirlarda ishtirok etgan talabalar va faollar, "vijdon mahbuslari" (o‘z siyosiy, diniy yoki boshqa qarashlarini tinch yo‘l bilan ifodalaganlar) bor. Ozod qilinganlar orasida 36 nafar ayol va 2 bola borligi ta'kidlanmoqda.
"Sinxua" agentligi Myanma hukumatidagi manbalarga iqtibos keltirgan holda 10 aprelda ozod etilganlar soni 199 nafarni tashkil qilganini ma'lum qilgan. Ozodlikka nafaqat avval sudlanganlar, balki sudlanishini kutayotgan siyosiy faollar ham chiqqan. Ta'kidlanishicha, ularga qarshi barcha ayblovlar bekor qilingan.
Myanma demokratik kuchlar yetakchisi va davlat maslahatchisi Aun San Su Chji 7 aprelda barcha siyosiy mahbuslar uchun amnistiyaga erishishini aytdi. Ayol siyosatchining va'dasiga ko‘ra, amnistiya joriy hafta o‘rtasida Tinjan – Myanma Yangi yilining nishonlanishi boshlangungacha amalga oshirilishi mumkin.
1962 yildan 2010 yilgacha Myanma harbiy hukumat tomonidan boshqarilgan. 6 yil avval mamlakatda demokratik islohotlar boshlangan. Mamlakatning sobiq prezidenti Teyn Seyn 2013 yil iyulda barcha siyosiy mahbuslarni afv etishga va'da bergan. Ularning aniq soni noma'lum. 2014 yil davomida 126 nafar siyosiy mahbus ozod etilgani ma'lum qilingan. 2014 yil oktabrda Myanmada 3 mingdan ziyodroq mahbus afv etilgan, ularning orasida kamida 13 nafari siyosiy mahbus bo‘lgan. Myanmada oxirgi ommaviy amnistiya 2016 yil 22 yanvarda e'lon qilingan. O‘shanda 100 dan ko‘proq mahbus ozodlikka chiqqan. Mahalliy huquq himoyachilari ular orasida necha nafar siyosiy mahbus borligi borasida turlicha fikr bildirishgan – ozod etilgan siyosiy mahbuslar soni 20 dan 34 nafargacha ekanligi aytilgan.