Menni Pakyao boksni munosib ravishda tark etdi

Sport 10:36 / 11.04.2016 2288

10 aprelga o‘tar kechasi boks olamida 2016 yilning eng munosib janglaridan bir nechasi bo‘lib o‘tdi deyish mumkin. Afsonaviy Menni Pakyao Timoti Bredli ustidan g‘alaba qozonib, faoliyatini yakunlagan bo‘lsa, Entoni Joshua og‘ir vaznda yangi jahon chempioni bo‘ldi. Jilberto Ramires esa, supero‘rta vaznda chempionlik kamari sohibiga aylandi.

Aytish mumkinki, filippinlik boks yulduzi Menni Pakyao va amerikalik Timoti Bredli o‘rtasidagi jang, nafaqat, MGM Grand saroyida uyushtirilgan kechaning, balki boks olamida ushbu yildagi eng yaxshi janglaridan biri bo‘ldi. Mutaxassislarning Menni borasida bildirgan taxminlari ham o‘zini oqlamadi, u ajoyib janglaridan birini o‘tkazdi.

Ilk uch raund birmuncha zerikarli boshlangan bo‘lsa-da, to‘rtinchi raunddan Mennining ustunligi ko‘zga tashlana boshladi. U bir necha kombinatsiyalarni muvaffaqiyatli yakunladi.

Beshinchi raunddan tomoshabinlar haqiqiy boks jangining guvohi bo‘lishdi. Bu safar ham Pakyao raqibiga aniqroq va jiddiyroq zarbalar berishga erishdi. Garchi, oltinchi raundda Bredli o‘z hisobini to‘ldirishga urinib ko‘rgan bo‘lsa-da, zarbalarining aksari filippinlikning mudofaasiga duch keldi.

Yettinchi raundning oxirlarida Pakyao birinchi marta raqibini nokdaun holatiga tushirdi. Amerikalik tezda o‘rnidan tura oldi, ammo hakam hisobni ochishga ulgurgandi. Bundan biroz qizishgan Bredli raqibiga tashlandi, ammo Mennining jiddiy qarshiligiga uchradi. Menni raqibini ikkinchi marotaba ringga qulatdi. Shu bilan filippinlik o‘yin taqdirini deyarli hal qilib bo‘lgandi.

Bredli oxirgi raundlarda birmuncha oldinga tashlanishga harakat qilib ko‘rdi, ammo tajriba o‘z so‘zini aytdi. Pakyao hamon aniqroq harakat qilib, o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi. Barcha hakamlar bir xil — 116:110 hisobini qayd etishdi.

Afsonaviy bokschi, sakkiz vazn toifasida jahon chempioni, top-5talikda turuvchi bokschilardan birini chiroyli mag‘lub etish bilan o‘zining sportdagi faoliyatini yakunladi.

Pakyao salkam 15 yil davomida vazn toifasidan qat'i nazar dunyoning eng kuchli bokschilaridan biri bo‘lib keldi. Ayni shu maqomda u professional boksni tark etdi. O‘z faoliyatini, shon-shuhratning eng yuqori cho‘qqisida yakunladi, bu esa, albatta hurmatga sazovor ishdir.

Ko‘proq yangiliklar: