2016 yilning 11 aprel kuni O‘zbekiston respublikasi prezidenti Islom Karimov Hindiston respublikasi prezidenti Pranab Kumar Mukerji va bosh vazir Narendra Modiga Kollam shahridagi ibodatxonada hinduiylik yangi yilini nishonlash vaqtida yuz bergan katta yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik ifodalangan maktublar yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.
O‘zbekiston rahbari halok bo‘lganlarning oila a'zolariga va yaqinlariga hamda jabrlanganlarga chuqur hamdardlik so‘zlarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 10 aprelga o‘tar kechasi Hindistonning Kollam shahridagi Puttingal ibodatxonasidagi yong‘in tufayli 100dan ortiq kishi halok bo‘ldi va 200 dan ortiq kishi jarohatlandi.
Bu fojiaga diniy tantanalar vaqtida ishlatilgan mushaklarning portlashi sabab bo‘lgan. Ayni vaqtda Hindistonda 14 aprelda boshlanuvchi quyosh Yangi yiliga bag‘ishlangan tantanalar o‘tmoqda.