Ikki sayohatchi rezina qayiqda Moskvadan Madagaskargacha suzib borishmoqchi

Jamiyat 16:26 / 11.04.2016 1448

9 aprel kuni “Ahmoqona safarlar vazirligi” loyihasi mualliflari Artyom Kirakozov va Aleksandr Panovlar Moskvadagi Presnen qirg‘og‘idan rezina qayiqda suzib ketishdi. Ular Oka, Don, Qora va O‘rta yer dengizi, Suets kanali orqali, Sudan va Somalidan o‘tib Madagaskargacha suzib borib, shu turdagi transport vositasida Ginnes rekordini o‘rnatishni rejalashtirishgan.

Lekin ikkala sayohatchilar ham “Dojd” muxbiriga hech qanday tirik qolish qoidalari va bilimlariga ega emasliklarini, shuning uchun ham bu safar “ahmoqona” deb nomlanishini aytishgan.

“Biz qaytib kelishni istaymiz va oldindagi xavflarni tahlil qilib chiqamiz. Birinchidan, bu bo‘ronlar. Chunki biz Qora va O‘rta yer dengizini kesib o‘tmoqchimiz.

Ikkinchidan, bu qaroqchilar. Somali yaqinida juda ko‘p hujumlar uchrab turadi. Sudan yoki Somalida qonunsizlik maydoni boshlanganda, biz ham noqonuniy ravishda qurollanishimizga to‘g‘ri keladi. Agarda bizga u yerda avtomatlarni sotib olishni taklif etishsa, sotib olamiz. Hozircha esa bizning qayig‘imizga bir bloger kartoshka to‘pini o‘rnatib berdi.

Uchinchidan, rezina qayiqlarga hujum uyushtirib, teskari qilib, bizni yeyishga harakat qiluvchi akulalar ham mavjud. Bu esa juda ham yoqimsiz holat deb o‘ylayman”, - deydi marketolog Artyom Kirakozov.

Safarni uyushtirish uchun eng qiyin bosqich bu ko‘plab hujjatlarni - vizalar va ikki to‘plamdagi dengiz huquqlarini (rossiya va xalqaro) tayyorlash bo‘ldi.
Sayohatchilarning Lifenews nashriga bergan intervyusida, ular agarda hech qanday ko‘ngilsizlik yuz bermasa, manzilga bir oy ichida yetib borishni rejalashtirishganligini aytishgan. Ular o‘zlari bilan faqatgina kerakli buyumlarni olishgan.

“Biz o‘zimiz bilan juda ham ko‘p yoqilg‘i uchun kanistrlar, suv o‘tmaydigan idishda kiyimlar, qutqaruv doirasi va qalpoqlar oldik”, - deydi art-direktor Aleksandr Panov.

Bu safar Kirakozov va Panovning uchinchi sayohatlari bo‘lib, avval ular Moskvadan Hindistongacha baggida yetib borishgan, Markaziy va Janubiy Amerikani esa ijaraga olingan mashinalarda zabt etishgan.

Ularning rezina qayiqdagi sayohatlarini va loyiha to‘g‘risidagi xabarlarni Feysbuk va Instagramdagi sahifalarida kuzatib borishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: