O‘zbekistonda eng yirik mahalliy "Lazzat" shirinlik fabrikasini qayta ishga tushirish bo‘yicha loyihani hayotga tatbiq qilish qilish davom etmoqda.
Hongkongning Torutem Business Limited nomlik kompaniyasi fabrika modernizatsiyasi uchun 5 million dollardan kam bo‘lmagan mablag‘ sarflash niyatida. Bu haqda "O‘zbekoziqovqatxolding" vakili ma'lumotiga tayanib, Sputnik agentligi xabar bergan.
"O‘tgan yil oxirida xorij sarmoyadorlari fabrikada biskvit ishlab chiqarishni boshlagan. Biroq fabrikaning avvalgi quvvat ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda, bu xamir uchidan patir, xolos. Chunki Sobiq Ittifoq zamonida fabrika 20 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarib, nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni davlatlarni ham shirinlik bilan ta'minlagan. Biroq 90-yillar o‘rtalarida fabrika qator sabablarga ko‘ra, bankrot deb e'lon qilingan", deyiladi xabarda.
"Hongkong kompaniyasi mablag‘ini karamel ishlab chiqarish bo‘yicha bir necha texnologik liniyalar yaratishga sarflamoqchi. Uning asosiy maqsadi - Rossiya va mintaqadagi boshqa davlatlar, shuningdek, janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlariga eksport qilishga yo‘naltirilgan zamonaviy kuchlanishlarni ishga tushirish”, - aytib o‘tgan xolding vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qulay logistika, O‘zbekiston hukumati tomonidan taqdim etilgan imtiyozlar, katta ichki bozor hamda MDH davlatlari bozorlariga oson chiqa olish imkoniyati sarmoyadorlar e'tiborini jalb etgan.
Bu yil sarmoyadorlar ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun 3 million dollar atrofida mablag‘ sarflamoqchi. Loyiha 2017 yili tugallanishi rejalashtirilgan.
Fabrika to‘liq quvvatga kirgach, yiliga 8 ming tonnadan ortiq turli karamellar ishlab chiqaradi.