Sayyoraning qadim chiqindixonalari

Jahon 20:20 / 06.04.2016 4639

Chiqindilar bilan bog‘liq muammolar bugungi kunda global masalalardan biriga aylanib bormoqda, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Tarixdan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, chiqindilar nafaqat gigiyena va salomatlik masalasida, balki shaharsozlik, xatto xalqaro aloqalarda ham muhim o‘rin tutganiga guvoh bo‘lamiz. Bugun biz Xitoyda chiqindi yig‘uvchilar qishlog‘i, Ganadagi elektronika chiqindixonasi, Hindistondagi kemalar qabristoni haqida qisqacha ma'lumot berishga harakat qilamiz.

Munitsipal darajadagi ilk chiqindixonalar Afinada eramizdan avvalgi 400 yilda tashkil etilgan ekan. O‘shanda barcha chiqindilar maxsus savatga solinar va keyinchalik shahar tashqarisiga olib chiqib tashlanar edi. Qadimiy Rimda ham chiqindilar shahar tashqarisiga olib chiqilgan. Bugungi kunda ham Rim janubiy-g‘arbida chiqindilardan tashkil etilgan sun'iy Monte-Testachcho tepaligi saqlanib qolingan. Bu tepalik yer yuzidagi eng qadimiy chiqindixona ekani tan olingan.

Tarixchilarning fikrcha, o‘rta asrlarda Yevropa shahar ko‘chalaridagi chiqindi va axlatlar ommaviy kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Vabo epidemiyasi keng tarqalgan XV asrga kelibgina bir qator shaharlarda ko‘chalarni axlat va chiqindilardan tozalash masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Sanoat asriga kelib esa shaharlarda suv quvurlari paydo bo‘ldi.

XX asrda texnologiyalar taraqqiyoti va ishlab chiqarish rivojlanishi chiqindilar tarkibining o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Avvallari faqat ovqat qoldiqlarigina chiqindi sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, endilikda karton, plastik, kimyoviy va tibbiy jihozlarning qoldiqlari ham chiqindi sifatida ko‘rila boshlandi. Lekin chiqindilarni yo‘q qilish tartibi o‘zgarmay qolaverdi. Ya'ni, chiqindilar ko‘mib tashlanardi, okeanga uloqtirilardi yoki yoqilardi. XX asrning ikkinchi yarmiga kelibgina ekologiya bilan bog‘liq muammoga e'tibor qaratila boshlandi. 1970 yilning 22 aprelida ilk bor “Yer kuni” o‘tkazilib, atrof-muhit muhofazasi kun tartibiga qo‘yildi.

Bugungi kunda chiqindilar bilan bog‘liq masala turli mamlakatlarda turlicha hal qilinadi. Ayrim mamlakatlarda xonadon egalari chiqindilarni turlarga ajratib, ularni chiqindixonaga tashlashni odat qilgan bo‘lsa, Shveytsariya kabi mamlakatlarda chiqindilar qo‘shni mamlakatlardan import qilinadi va zavodlarda yoqib yuboriladi. Ma'lumki bu mamlakatdagi Issiqlik elektr stansiyalari aynan chiqindilar hisobiga ishlaydi. Shu sababli chiqindilar aholidan sotib olinadi. Zavodning muttassil ishlashi uchun xomashyo kerak bo‘ladi. Mana shu sabab mahalliy aholi qo‘shni Italiyadan chiqindilarni sotib olishga majbur bo‘ladi. Uchinchi dunyo mamlakatlarida esa odamlar Yevropa va Amerikadan insonparvarlik yordamlari niqobi olib kelingan chiqindilarni ajratish bilan shug‘ullanishadi.

Yaponiyada chiqindilarga oid qoidalar mahalliy munitsipalitet tomonidan, to‘g‘rirog‘i mahalliy hukumatlarga qarashli zavodlar tomonidan ishlab chiqiladi. Aholi chiqindilarni turlarga ajratgan holda chiqindixonalarga tashlashga majbur. Bunda chiqindi yonadigan va yonmaydigan turga bo‘linadi. Shu sababli ham “kun chiqar yurt”da mahsulotlar narxi ham yonadigan va yonmaydigan idishlarga solinishi bilan farq qiladi.

Xitoy poytaxti Pekinda aholi chiqindilarni qayerga tashlashdan xavotir olmasa ham bo‘ladi. Ular ertalab uylaridan chiqqan axlatlarni chiqindi yig‘uvchilarga pullashadi. Chiqindi yig‘uvchi esa chiqindilarni shahar chetidagi Dong Syao Kou qishlog‘iga eltadi. Bu qishloqda chiqindilarning barcha turi bo‘lib, ishchilar saragini sarakka, puchagini puchakka ajratishadi.

Gana poytaxti Akkra yaqinida yer yuzidagi eng yirik elektronika chiqindixonasi bor. Atlantika okeani sohilidagi Agboshbloshi chiqindixonasiga dunyoning barcha burchaklaridan buzuq kompyuterlar, televizorlar, monitorlar, eski kassetali magnitafonlar, tikuv mashinkalari, telefon kabi maishiy texnikalar olib kelinadi. Kimlar uchundir chiqindi bo‘lgan buyumlar mana shu yerda boshqalarni badavlat insonlarga aylantiradi. Ishchilar maishiy texnikalarni eritib, undan alyumin va misni ajratib oladilar hamda kerakli odamlarga topshirishadi. Shuni tan olib aytish kerakki, Agboshbloshi chiqindixonasida ishlovchilarning ko‘pchiligi zaharli mahsulotlar oqibatida kelib chiqqan kasallik natijasida vafot etadi.

Hindiston shimoliy-g‘arbidagi Alang shahri kemalar qabristoni sifatida tan olinadi. Bu yerda minglab yuk va yo‘lovchi kemalarni uchratishingiz mumkin. 20 yillik faoliyati mobaynida bu yerda butun dunyodan olib kelingan 6500 dan ortiq kema bo‘laklarga bo‘lingan. Muxbirlarning aytishicha, bir yilda bu yerda o‘rtacha 40 kishi kimyoviy moddalar va tasodifiy yong‘inlar oqibatida vafot etadi.

Maldivda chiqindilardan tashkil etilgan Tilafushi sun'iy oroli mavjud. 1992 yildan boshlab bu yerga mamlakatning barcha hududlaridan bir kunda tonnalab chiqindilar olib kelinadi. Tilafushi dengiz sathidan atigi 1 metr balandlikda bo‘lgani bois, kimyoviy mahsulotlarning okeanga tushishi va ekotizimga salbiy ta'sir ko‘rsatishidan xavotir olinadi.

Chiqindilardan san'at asarlari yaratuvchilar ham bor. Ispaniyalik rassom Franchesko de Paxaro jahon bo‘ylab sayr qilar ekan, chiqindilardan ko‘rgazmalar yaratmoqda. Franchesko shahar ko‘chalaridan topib olgan chiqindilardan san'at asarlari yaratadi. Kopengagenda, yangi avlod chiqindixonasining loyihasi ishlab chiqildi. Ko‘rinib turibdiki, chiqindilar o‘z tarixida yomon hid tarqatuvchi darajasidan san'at galereyasi darajasigacha ko‘tarildi. Lekin chiqindilarga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishimiz kerak. Ya'ni chiqindilarni kamaytirish maqsadida xarid vaqtida o‘z imkoniyatlarimizni hisobga olishimiz kerak.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: