Ellikqal'ada Amir Temur tavalludining 680 yilligi keng nishonlandi

O‘zbekiston 20:05 / 06.04.2016 6529

Temuriylar davlatining buyuk asoschisi Temurbek ibn Tarag‘ay hayotiga nazar solsak, u yoshligidanoq zo‘ravonlikka qarshi kurash olib borib, jamiyatda adolat me'yorlariga muvofiq ish yuritish tuyg‘ulari bilan o‘sgan va kamol topgan. Ma'lumki, Sohibqiron Amir Temurning hurmat va etiborga molik me'roslaridan biri uning siyosiy va huquqiy qarashlari majmuyi bo‘lgan “Temur tuziklari” asaridir. Dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan ushbu asarda davlatni idora qilish usullari, qo‘shinni tashkil etish, turli harbiy uslublar, siyosiy, huquqiy, harbiy va ahloqiy g‘oyalar va me'yorlarni haqida so‘z boradi.

Qonunga asoslangan tizimning ahamiyatini chuqur anglab olgan Amir Temur haqli ravishda, “Kuch adolatdadir” degan oliy me'yorni shior qilib olgan. Buyuk inson va iqtidorli davlat arbobi Amir Temur haqida ko‘plab asarlar yozilganligiga qaramasdan, sovet tuzimi davrida uning hayot qirralari, siyosiy va huquqiy qarashlari xalqimizdan sir saqlanib kelindi. Mustaqilligimiz sharofati bilan Amir Temur nomi qayta tiklandi. Yurtboshimiz tashabbuslari bilan “Amir Temur” ordeni ta'sis etildi. Poytaxtimiz Toshket shaxrida Temuriylar davlat muzeyi barpo qilingan bo‘lsa, Sohibqironga atab o‘rnatilgan haykallar Toshkent, Samarqand, Shaxrisabz kabi shaxarlarimiz ko‘rkiga ziynat bag‘ishlab turibdi.

Bu yil yurtimizda jahonga mashhur sarkarda va o‘z zamonasining eng qudratli hukmdori Amir Temur tavalludining 680 yilligi keng nishonlanmoqda.

Shu sana munosabat bilan bugun Ellikqal'a tumani 18-son Bolalar musiqa va san'at maktabida katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimligi va tegishli tashkilot hodimlari, faxriy ustoz va murabbiylar, tumandagi o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda tuman madaniyat va sport ishlari bo‘limi va yosh ijrochilar tomonidan Sohibqiron hayotini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlar, Amir Temurning durdona asari “Temur tuziklari”dan parchalar, ushbu davrni ifoda etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Sahnada Amir Temur siymosi yorqin xislatlarga ega, o‘tkir xotira, zukkolik, shijoat va qat'iyat, birso‘zlilik, salobatli inson sifatida yana gavdalandi. Adabiyotimiz namoyondalari tomonidan Sohibqironga atab bitilgan nazmiy va nasriy asarlardan o‘qib eshittirildi.

Darhaqiqat, yurtimizning mustaqillikka erishuvi, eski mafkura siquvidan qutilish, tariximizni o‘rganish va to‘g‘ri munosabatda bo‘lish imkonini yaratdi. Sohibqiron Amir Temur tavalludining 680 yilligiga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar yurtimizning barcha go‘shalarida yuqori darajada uyushqoqlik bilan tashkil etiladi. Zero muhtaram yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek “Amir Temur – bizning shon-shavkatimiz, g‘urur va iftixorimizdir”.

Dilshodbek Jumaniyozov

Ko‘proq yangiliklar: