Si Tszinpin Obamani Xitoy suverenitetini buzishni bas qilishga chaqirdi

Jahon 12:10 / 01.04.2016 1547

Xitoy bundan keyin, Janubiy Xitoy dengizida kemalar qatnovining erkinligini vaj qilib, o‘z mustaqilligiga rahna solinishiga jim qarab turolmaydi.

"Bu haqda AQSh prezidenti Barak Obama bilan uchrashuvi chog‘ida XXR raisi Si Tszinpin bayonot bergan", deb xabar qilmoqda Reuters agentligi.

Ikki davlat rahbarlari, yadro xavfsizligi bo‘yicha Vashington sammiti doirasida muloqot o‘tkazgan. 

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, XXR yetakchisi shuningdek, Janubiy Xitoy dengizi suvereniteti masalasida AQSh betaraf pozitsiyani egallashiga umid bildirgan.

"Ishonamizki, mazkur mintaqada barcha davlatlar xolis va hissiyotlarga berilmagan siyosat yuritadi, bu gap ayniqsa, Janubiy Xitoy dengizi havzasidan tashqarida joylashgan davlatlarga tegishli", — degan Si Tszinpin.

Ma'lumki, Janubiy Xitoy dengizi atrofidagi vaziyat tobora keskinlashib bormoqda. 24 fevral kuni, Xitoy o‘zi nazoratidagi Vudi oroliga harbiy havo kuchlari qiruvchi samolyotlarini yuborgan edi.

Vudi kimga qarashli ekani borasida aniq to‘xtamga kelinmagan Parasel (Sisha) orollari tarkibiga kiradi.

Amerika harbiy dengiz kuchlariga qarashli raketa esminetsining ushbu hududda ruxsatsiz paydo bo‘lgani, Pekinning keskin noroziligiga asos bo‘lgan va qarshi choralar ko‘rishiga sabab sifatida ko‘rsatilgan edi.

Bundan tashqari, AQSh harbiylari o‘tgan yil oxirida, B-52 bombardimonchi samolyotlari parvozini amalga oshirgan va “Kemalar erkinligi” harbiy o‘quv mashg‘ulotlari doirasida harbiy kemalarini dengiz hududidan olib o‘tgandi.

Xitoy Janubiy Xitoy dengizidagi kimsasiz orollarning bir nechtasiga da'vogarlik qiladi. Ushbu havzaga bo‘lgan huquqlarini Tayvan, Malayziya, Filippin, Bruney va Vetnam ham ilgari suradi. Ayniqsa, Skarboro rifi hamda neft va gazga boyligi aytiladigan Spratli arxipelagi atrofidagi tortishuv ancha jiddiy hisoblanadi.

Shu bilan birgalikda, arxipelag orollari strategik jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. U yerda, so‘nggi yillarda uchish-qo‘nish maydonlarini barpo etish bilan faol shug‘ullanayotgan Pekin mintaqadagi ta'sirini sezilarli kuchaytirib oladi. Xitoy 2014 yil iyunidan, ziddiyatli dengiz havzasida sun'iy orollar barpo etishni boshlab yuborgan.

Ko‘proq yangiliklar: