Nazarboyev: dunyo yangi yadroviy asrga "qarab ketmoqda"

Jahon 12:23 / 01.04.2016 1003

Dunyo yangi yadroviy asr – xavfli va avvaldan aytib bo‘lmaydigan asrga "qarab ketmoqda". Bunday fikrni 31 martda AQSh jamoat va siyosat arboblari bilan Karnegi fondi bosh qarorgohidagi uchrashuvda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bildirdi.

Nazarboyevning aytishicha, "21 asrga tinchlik va global hamkorlikning yangi davri sifatida umid bog‘lagan edi", biroq "yanada xavfsizroq va barqaror dunyoni qurish uchun noyob tarixiy imkoniyat qo‘ldan chiqarildi". "Dunyoga yana xavf tahdid solmoqda, bu xavfni nazar-pisand qilmaslik yaramaydi. Bu xavf – global miqyosdagi qirg‘inbarot urushdir", deb aytdi Nazarboyev.

Qozog‘iston prezidenti 1968 yilda imzolangan yadroviy qurolni tarqatmaslik bo‘yicha kelishuv "o‘z vazifasini bajarmayotganini", "global ishtirokchilar o‘rtasidagi ishonchda misli ko‘rilmagan inqiroz yadroviy qurolni qo‘llashning oldini olishga kafolatlarning tanazzulga olib kelayotganini" aytdi.

"21 asrning eng jiddiy muammolaridan biri yadroviy terrorchilik hamda yadroviy va radioaktiv materiallarning noqonuniy aylanmasi hisoblanadi. Dunyo "yadroviy asrga" qarab ketmoqda. 60 yil avval buyuk olimlar Albert Eynshteyn va Bertran Rassel "Inson zoti yo‘q bo‘lib ketadimi yoki insoniyat urushdan voz kechadimi?" degan muhim savol qo‘yilgan manifest bilan chiqishgandi. Urushlarga barham berish – insoniyatning eng murakkab vazifasi hisoblanadi. Biroq unga muqobillik yo‘q", deb ta'kidlab o‘tdi Nazarboyev.

Nazarboyev, shuningdek, bu maqsadga erishish uchun "dunyoning barcha yetakchilarining siyosiy irodasi va barcha davlatlarning sa'y-harakatlari birlashtirilishi zarurligini" aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: