Indoneziya mudofaa vaziri Riamizard Riachudu ko‘pmaqsadli Su-35 rusumli harbiy samolyotlarni xarid qilish rejasi mavjudligini tasdiqladi. Bu haqdagi shartnoma mudofaa vazirining yaqin orada Rossiyaga qilajak safari chog‘ida imzolanadi.
Indoneziya mudofaa vaziri Bloomberg agentligiga bergan intervyusida shu haqda ma'lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "gap sakkiz yoki o‘nta samolyot haqida bormoqda".
Bundan avvalroq, Riamizard Riachudu Indoneziyaga "qiruvchi samolyotlarning eskadroni kerakligini, ammo hozircha, shu miqdorda samolyot xarid qilinishini" aytgandi.
Vazirning qayd etishicha, "Indoneziya nafaqat Rossiyadan, balki AQSh va Yevropadan ham harbiy texnikalar xarid qilish niyatida".
"Biz qaysidir tomonni ustun qo‘ymoqchi emasmiz, asosiysi bizga harbiy samolyotlar lozim", degan Indoneziya mudofaa vaziri.
Qayd etish kerakki, Indoneziya armiyasi Rossiya qurol-yarog‘laridan keng foydalanadi. Mamlakat harbiy havo kuchlari safida Su-27 va Su-30 qiruvchi samolyotlari bor. Su-35 qiruvchilari esa, Amerikaning eskirib qolgan F-5 Tiger samolyotlari o‘rnini egallaydi.