Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan Mark Eyro Ouest-France nashriga bergan intervyusida jahon hamjamiyati Iroqda yo‘l qo‘ygan xatolarini Liviyada takrorlamasligi lozimligi haqidagi fikrni ilgari surdi.
Fransiya tashqi ishlar mahkamasi rahbari Liviyadagi beqaror vaziyat yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirgan.
«Liviyadagi tobora kuchayib borayotgan boshboshdoqlik, terrorizmning tezda rivojlanishiga zamin yaratadi. Bu hol mintaqa va Yevropaga bevosita tahdid tug‘diradi. Xalqaro hamjamiyat Iroqdagi xatolariga qayta yo‘l qo‘ymasligi kerak», — deb ta'kidlaydi Eyro.
U Amerikaning Iroq ichki ishlariga aralashuvi mintaqadagi vaziyatni tubdan izdan chiqargani, bu esa alaloqibat, IShIDning paydo bo‘lishiga olib kelganini xotirladi.
Fransiya tashqi ishlar vaziri, Liviyaning yangi milliy hukumatiga yordam berishga tayyorligini izhor qilgan.
«Fayoz Saraj rahbarligidagi Liviya hukumatiga, har qanday, jumladan harbiy yordam berishga ham shay turish talab etiladi», — deb aytgan Eyro.
U Liviyaga harbiy qo‘shinlarni kiritish imkoniyatini rad etmagan.
«Barchasi yangi hukumatga bog‘liq. Siyosiy jarayonlarni chetlab o‘tgan holda, faqat, aviazarbalar haqida o‘ylash masalaning yechimi emas», — deb jurnalistlar savoliga javob qaytargan Fransiya TIV rahbari.