Shtaynmayyer: Turkiya Yevropa qadriyatlariga amal qilishi kerak

Jahon 11:56 / 31.03.2016 1024

Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyer Turkiya hukumatini Yevropa qadriyatlariga amal qilishga va mamlakatda matbuot erkinligini ta'minlashga chaqirdi. U bu haqda O‘zbekistonga tashrifi vaqtida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda DPA axborot agentligi.

"O‘ylaymanki, Yevropa Ittifoqiga hamkor davlatdan biz bilan umumiy Yevropa qadriyatlarini bo‘lishishini kutishimiz mumkin", deb aytdi Shtaynmayyer Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an haqidagi nemis hajviy videoroligi atrofidagi mojaroga izoh berib. Uning aytishicha, bu holat, jumladan sa'n'atda ham, fikrni erkin ifodalashga taalluqlidir.

Bundan tashqari, Shtaynmayyer federal hukumat Anqara bilan munosabatlarning yomonlashishidan xavotirlanib, Germaniyaning Turkiyadagi elchisi Martin Erdmanning Turkiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilishini uzoq vaqt sukut saqlagani haqidagi fikrga qo‘shilmasligini aytdi. "Bu tentaklikdir va haqiqatga mos kelmaydi", deb aytdi Shtaynmayyer va Germaniya turk rasmiylariga bir necha bor bu borada o‘z fikrini bildirganini qo‘shimcha qildi.

Mojaroga sabab bo‘lgan Extra 3 ko‘rsatuvi 17 martda ARD nemis televideniyesining birinchi kanalida efirga chiqqan. Ko‘rsatuvda Turkiya prezidentining "hashamatli yashash" istagi hamda Turkiyada matbuot erkinligi va demokratiya tamoyillarining tahqirlanishi mazah qilingan 2 daqiqalik videorolik namoyish qilingandi "Erdo‘g‘anga yoqmaydigan biror narsani yozuvchi jurnalist ertasigayoq panjara ortiga tushadi", deyilgandi ko‘rsatuvda. Shundan keyin Germaniya elchisi Turkiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: