Ushbu kunlarda Rossiyaning «Moya planeta» telekanalidan «Karakalpakiya: skvoz peski vremen» (Qoraqalpog‘iston: Davr qumlari orasidan) nomli yangi hujjatli film namoyish etilmoqda. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Axborot xizmati xabar bermoqda.
1 soatlik 7 bobdan iborat ushbu filmda Qoraqalpog‘istonning boy madaniy-tarixiy merosi, muhim ahamiyatga ega arxeologik topilmalari, sayyohlik maskanlari, tabiati, hududda amalga oshirilayotgan buyuk bunyodkorlik ishlari hamda yirik industrial salohiyati haqida keng qamrovli qiziqarli ma'lumotlar taqdim etiladi.
Filmda, shuningdek, Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik ofatning hukumat tomonidan qanday qilib bartaraf qilinayotganligi va bu yerda yashovchi xalqlarning tabiiy fojia bilan qanday kurashayotganligi alohida ta'kidlanadi.
Film xalqaro «Eriyell Group» nefteservis kompaniyasining qo‘llab-quvvatlashi va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining hamkorligida tasvirga olingan.