Qirg‘iziston markaziy banki (Milliy banki) 11,85 mln dollarni xarid qilish bilan, mamlakat moliya bozorida mart oyidagi eng yirik intervensiyani amalga oshirdi. Bu haqda Qirg‘iziston markaziy bankining saytida e'lon qilingan.
Umuman, yakunlanayotgan oyda Milliy bank jami 74,17 mln dollarlik 11ta intervensiya o‘tkazgan.
Mahalliy ekspertlar fikricha, Markaziy bank Amerika valyutasi kursining pasayishini sekinlashtirish maqsadida shunday choralarga qo‘l urmoqda. Yil boshidan beri AQSh dollari 5 foizga qadrsizlangan.
Milliy bank rahbari To‘lqinbek Abdiqulovning izohlashicha, "bozordan faqat ortiqcha dollarlar sotib olinmoqda".
"Hozirda milliy valyutaga talab yuqori bo‘lib turibdi. Shunday ekan, dollarni boshqalarning o‘rniga Markaziy bank xarid qilmoqda", - deb aniqlik kiritgan Abdiqulov.
Biroq, shu yil boshida Qirg‘iziston moliya bozorida boshqacha holatni kuzatish mumkin edi. Yanvar oyida Qirg‘iziston markaziy banki so‘m kursini ushlab turish uchun, salkam 65 million dollarlik intervensiyani amalga oshirgandi.
2015 yil mobaynida qirg‘iz so‘mining jahon valyutalariga nisbatan qadri 28,9 foizga tushib ketgan, so‘m kursini me'yorda ushlab turish maqsadida Markaziy bank 373,2 million dollar sotishga majbur bo‘lgandi.