Qatar hukumati 2022 yilgi jahon chempionatini qabul qilish maqsadida qurilayotgan obektlarda ishlayotgan xorijiy ishchilarning ahvolini yaxshilagan. Bu haqda FIFA bayonotida ma'lum qilindi.
Bundan oldinroq, Amnesty International notijoriy tashkiloti tomonidan mamlakat hududida 2 million nafarga yaqin mehnat muhojiri mehnat qonunchiligidan tashqarida mehnat qilayotgani haqida e'lon qilgandi. Bu ishchilar 2022 yilgi JCh uchun qurilayotgan obektlarda ham mehnat qilayotgani aytilgandi.
31 mart kuni tashkilot yangi hisobotini chop etdi. Unda FIFA o‘tgan vaqt ichida Qatarda bu borada o‘zgarishga erisha olmagani bayon etilgan. Amnesty International keyingi 2 yil ichida mundial uchun qurilayotgan obektlarga hozirdagidan ko‘ra ko‘proq muhojirlar jalb etilib, ularning soni 36 ming nafarga yetishini prognoz qilgan.
FIFA esa buni inkor etmoqda.
"Biz Qatardagi qurilish ishlari hukumat tomonidan tegishli me'yorlar asosida yo‘lga qo‘yilganiga to‘la ishonch bildiramiz. Chempionat uchun qurilayotgan maydonlarda mehnat qilayotgan xorijlik mehnat muhojirlarining ahvoli yaxshilangan", deydi FIFAning barqaror rivojlanish bo‘limi direktori Federiko Addiyeki.
U tashkilot vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini qayd etgan va Qatar hukumati bilan aloqada bo‘lib turilganini aytgan.
"Albatta, hali hal qilinmagan muammolar ham yetarlicha, lekin biz to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqdamiz va qurilish ishlarida mehnat qilayotgan ishchilarning huquqlari ta'minlanishiga intilishda davom etamiz", degan u.
Qatar 2010 yilning 2 dekabrida Tsyurixdagi marosimda 2022 yilgi mundialga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritgandi. Iqlimdagi noqulaylik tufayli Qatardagi jahon chempionati odatdagidek yozda emas, kuz va qishda o‘tkaziladi (21 noyabrdan 18 dekabrgacha). Turnirni mamlakatdagi 7ta shahar o‘zida qabul qiladi: Doha, Lusayl, Al-Vaqra, Al-Hor, Al-Rayyaan, Umm-Salal va Madinat-ash-Shamal.