So‘nggi haftalarda Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi a'zoligini qo‘llab-quvvatlovchilar soni 54 foizdan 49 foizgacha kamayib ketdi. Bu jihat yaqinda Ipsos Mori xizmati tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalarida yaqqol namoyon bo‘ldi. So‘ngi bor bu kabi so‘rov fevral oyida o‘tkazilgan edi. O‘shanda qirollik aholisining 36 foizi mamlakat Yevropa Ittifoqi safini tark etishi kerak, degan taklifni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, endilikda 41 foiz respondent ayni shu fikrga qo‘shilgan. Mahalliy tahlilchilarning fikricha, bir oy maboynida bu kabi o‘zgarishlarga Yevropani qamrab olgan muhojirlar bilan bog‘liq inqiroz sabab bo‘lgan. Haqiqatan ham Yevropa chegaralaridagi keskin vaziyat, muhojirlar bilan bog‘liq har kuni yuz berayotgan ko‘ngilsiz voqealar Buyuk Britaniya aholisining fikri o‘zgarishiga sabab bo‘lgan ko‘rinadi. Ipsos Mori xizmati vakillarning so‘zlariga qaraganda, 19-22 mart oralig‘ida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda mingdan ziyod respondent ishtirok etdi.
31 mart kuni The Independent gazetasi ORB ijtimoiy so‘rov xizmati tomonidan o‘tkazilgan natijalarni e'lon qildi. Unga ko‘ra, London shahar meri Boris Jonson oldingi o‘rinlarda bormoqda. Respondentlarning 38 foizi uni bosh vazir va Konservativ partiya rahbari bo‘lishini qo‘llab-quvvatlagan. U ikkinchi nomzod — ichki ishlar vaziri Tereza Meydan 2 yarim barobar ko‘p ovoz olgan. 9 foiz ovoz olgan moliya vaziri Jorj Osborn uchinchi o‘rinda turibdi. O‘tkazilgan so‘rov Britaniyaning Yevropa Ittifoqiga a'zoligida aholining fikri deyarli teng ekanini isbotlamoqda. Ayni damda yevrointegratsiya tarafdorlari 51 foizni, unga qarshilar esa 49 foizni tashkil qilmoqda.
Boshqa bir o‘tkazilgan tadqiqotlarga qaraganda, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqiga a'zoligi masalasida qarshilar va yoqlovchilar deyarli tenglashib qoldi. Mart oyi o‘rtalarida TNS kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovda ishtirok etganlarning 36 foizi Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqish kerak, degan bo‘lsa, xuddi shuncha respondent mamlakat Yevropa Ittifoqiga a'zolikni saqlab qolishi kerakligini qo‘llab-quvvatlagan. Ishtirokchilarning 28 foizi hozircha biror bir fikrga kelmaganliklarini aytishgan.
Referendum shu yilning 23 iyunida bo‘lib o‘tadi. Buyuk Britaniya parlamentining quyi palatasi referendum o‘tkazish haqida qabul qilgan qarorda “referendum 2016 yilning 23 iyunida o‘tkazilishi” ta'kidlanadi. Ma'lumki, hukumat o‘tgan yilning may oyi so‘ngida parlamentga Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishiga oid qonun loyihasini taqdim qilgan edi. Referendumga “Qo‘shma Qirollik Yevropa Ittifoqi a'zosi bo‘lib qolishi kerakmi?”, degan savol kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishiga bag‘ishlangan referendum o‘tkazish Devid Kemeronning saylovoldi va'dalaridan biri edi. O‘tgan yilning may oyida bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozongan Konservativ partiya rahbari referendum, albatta, o‘tkazilishiga va'da bergandi. Bosh vazir Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibida qolishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning aytishicha, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflarida qolishi uchun Londonning talablari inobatga olinishi kerak. Talablar orasida Yevropa Ittifoqidan Buyuk Britaniya hududlariga kelayotgan mehnat muhojirlariga oid qoidalarni keskinlashtirish va Buyuk Britaniya parlamentiga ayrim vakolatlarni qaytarish ham bor.
Buyuk Britaniyadagi oliy o‘quv yurtlari vakillari va yetakchi kompaniyalar rahbarlarining fikricha, mamlakat Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqadigan bo‘lsa, u holda mamlakat iqtisodiyotiga katta zarba bo‘ladi, ilmiy tadqiqotlar istiqbollariga ziyon yetib, bitiruvchilarning ishga joylashishini qiyinlashtiradi. Ularning aytishicha, ayni damda Buyuk Britaniya oliy o‘quv yurtlarida Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan kelgan 125 minga yaqin talaba tahsil olmoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakat iqtisodiyotiga bir yilda 2,2 milliard funt sterling, 3,4 milliard dollar daromad keltiradi. Bryussel tomonidan ilmiy tadqiqotlar uchun universitetlarga bir yilda 1 milliard funt sterling, 1 milliard 550 million dollar mablag‘ ajratilayotganini ham esdan chiqarish kerak emas.
Agar mamlakat Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqsa, u xolda Buyuk Britaniya iqtisodiyoti 100 milliard funt sterling, ya'ni 145 milliard dollar miqdorida ziyon ko‘radi. Mamlakat 2020 yilga borib 950 mingta ish o‘rnidan mahrum bo‘ladi. Shu sabab kichik va o‘rta biznes vakillaridan bir guruhi Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishiga qarshi chiqdi. Shu bilan birga bu qarorni qo‘llab-quvvatlovchi tadbirkorlar ham borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
AQSh Prezidenti Barak Obama Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflarida qolishiga umid bildirdi. Uning fikricha, Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqqudek bo‘lsa, uning xalqaro maydondagi ta'siri kuchsizlanadi. Amerikalik general Devid Petreus Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishi, xavfsizlik masalasiga salbiy ta'sir ko‘rsatishidan ogohlantirdi. Sunday Telegraph gazetasida e'lon qilingan maqolasida general “brekcit” (“Brexit” — British exit - “Britaniyaning chiqishi”) Yevropa Ittifoqining shaffofligiga zarba bo‘lishini ma'lum qildi.
Sharofidin To‘laganov