2002 yilda adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan vengriyalik yozuvchi Imre Kertes 86 yoshida uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etdi. Bu haqda Reyter agentligi xabar tarqatgan.
Kertes kelib chiqishiga ko‘ra vengr yahudiysi bo‘lib, Budapeshtda tug‘ilgandi. U 1944 yildan 1945 yilgacha Osventsim va Buxenvald lagerlarida mahbus bo‘lgan.
Uning birinchi romani bo‘lmish "Taqdirdan xoli" asari 1975 yilda nashr etilgan. Undagi voqealar konslagerga tushib qolgan bolakay tilidan hikoya qilinadi. Bu asar o‘z davrida yaxshi kutib olinmagan, shundan keyin Kertes uzoq vaqt davomida nemis tili tarjimoni sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
1988 yilda u "Fiasko" nomli yana bir asarini nashrdan chiqardi. Unda ham lager hayotini hikoya qilish davom etadi. Trilogiyaning uchinchisi "Tug‘ilmagan bola uchun duo" nomi ostida 1990 yilda e'lon qilinadi.
O‘tgan asrning 90-yillaridagina Kertesni xorijda ham yozuvchi sifatida bila boshlashadi va uning asarlari ingliz tiliga o‘giriladi.