1 aprel kunidan Toshkent shahrida jamoat transportlari - avtobus, metro, tramvay uchun yo‘lkiraning yangi narxlari joriy qilinadi. Uz24.uz nashrining «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyasiga asoslanib xabar berishicha, narx 20 foizga ko‘tarilib, hozirgi 1000 so‘mdan 1200 so‘mga ko‘tariladi.
Shuningdek, marshrut taksilarida 1500 so‘mdan 3000 so‘mgacha bo‘ladi (bungacha 1200 so‘mdan 2500 ming so‘mgacha edi).
Yo‘lkira narxining ko‘tarilishiga transportlar harakati uchun sarflanadigan yoqilg‘i narxlari, elektrenergiyasi va ehtiyot qismlar narxlari oshishi bilan bog‘liq hisoblanadi.
Oylik yo‘l chiptalari narxlarining o‘zgarishi borasida ma'lumot berilmagan.
Oxirgi marta Toshkentda jamoat transporti vositalarida harakatlanish uchun yo‘lkira narxi 2014 yilning 15 iyunida oshgan, o‘shanda narx 800 so‘mdan 1000 so‘mga ko‘tarilgandi.
«Toshshahartransxizmat» Kun.uz saytining qo‘ng‘iroq orqali shu ma'lumot bo‘yicha savollariga aniq javob qaytarmadi.