O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Navro‘z ayyomi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Universitet rektori Sh.Qayumov va boshqalar Navro‘z insonlarga ezgulik ulashishi, barchani hamjihatlikka undashi bilan boshqa ayyomlardan ajralib turishini ta'kidladi.
Talabalar tomonidan namoyish etilgan milliy liboslar ko‘rgazmasi, varrak uchirish, arqon tortish musobaqalari bayramga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
– Bu yilgi Navro‘zni universitetimizning yangi, muhtasham binosida nishonlayotganimiz bayramga o‘zgacha zavq ulashdi, – deydi universitet talabasi Sevara Sultonova. – Bunday bayramlar biz, yoshlarni mehr-oqibatli bo‘lishga undashi bilan ham ahamiyatlidir.
Estrada xonandalari va yosh ijrochilar tomonidan konsert namoyish etildi. Bayram tadbirida faol qatnashib, musobaqalarda yaxshi natijalarga erishgan talaba-yoshlarga esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar topshirildi.