Moskva sudi "StopXam" harakati faoliyatini to‘xtatdi

Jahon 18:11 / 30.03.2016 1928

Rossiyada "StopXam" faoliyati Moskva shahari sudi orqali to‘xtatilgan. Bu haqda Federal soliq xizmati saytida ma'lum qilingan.

"Fontanka" nashri xabarida yozilishicha, tashkilot faoliyatini to‘xtatish haqidagi qaror 2015 yilning 12 oktabrida Adliya vazirligi talabi bilan qabul qilingandi.

TASS agentligi xabarida keltirilishicha, yo‘llarda haydovchilarni yo‘lda harakatlanish qoidalariga amal qilish bilan shug‘ullanuvchi ko‘ngillilar harakati faoliyatini to‘xtatish haqidagi qaror 21 mart kunidan boshlab kuchga kirgan.

Xabarda aytilishicha, qarorga shikoyat bildiruvchilar bo‘lmagan va qaror ijrosini ta'minlash belgilangan.

Adliya vazirligi matbuot xizmatining "Fontanka" nashriga ma'lum qilishicha, harakat a'zolari shu vaqtgacha bir necha marta Rossiya qonunchiligi tashqarisida harakatlanishgani qayd etilgan.

Loyiha asoschisi, jamoat faoli Dmitriy Chugunov esa "Russkoy slujbe novostey" nashriga bildirishicha, bu qarorni qabul qilish jarayoni harakat a'zolari ishtirokisiz kechgan.

"Biz uchun bu kutilmagan ish bo‘ldi. Bu qaror muhokamasida biz ham ishtirok etishimiz kerak edi, lekin bizni chaqirishmagan. Biz bu o‘rinda qoidabuzarlik amalga oshirilgan deb bilamiz", degan u.

"Agar yuridik maqomimizni olib qo‘yishadigan bo‘lishsa, bu loyihaning yakunlanganini anglatmaydi. Biz boshqasini ochamiz", deya qo‘shimcha qiladi Chegunov.

Uning eslatishicha, harakat 2010 yildan 2013 yilgacha yuridik shaxs maqomisiz faoliyat yuritgan.

"StopXam" ("To‘xta, surbet") harakatiga 2010 yilda Rossiyada asos solingan. Bu harakat keyinroq MDHning boshqa mamlakatlariga ham yoyilgan.
Bunda harakat ishtirokchilari qoidabuzar haydovchilarning harakatlarini kuzatuv kameralariga yozib olib, alohida ko‘rsatuv holida internetga yuklaydi. Shuningdek, o‘zlarining chaqiriqlariga ko‘nmagan haydovchilarning mashinalari old oynasiga "Mne plevat na vsex, parkuyus, gde xochu" (Menga baribir, qayerga istasam, o‘sha yerga mashinamni qo‘yaman) yozuvi bitilgan qog‘ozlarni yopishtirishadi va uni izza qilishadi.

Rossiyada fevral oyida harakat a'zolaridan biri olimpiada chempioni, gimnastikachi Aleksey Nemov bilan o‘z ishini bajarish chog‘ida mushtlashib ketgandi.

O‘zbekistonda bu harakat vazifalariga o‘xshash vazifani "Voditeli Tashkenta" guruhi amalga oshiradi.

Ko‘proq yangiliklar: