Microsoft Xitoyning China Electronics Technology Group Corp. kompaniyasi bilan hamkorlikda Windows 10 operatsion tizimining Xitoy hukumati uchun maxsus rusumini taqdim etdi. Bu haqda Tech In Asia nashri Caixin xitoy jurnaliga asoslanib xabar berdi.
Microsoft’ning Xitoydagi bosh direktori Ralf Xaupter yangi Windows 10 operatsion tizimidan kerakli bo‘lmagan dasturlar olib tashlangani, hukumat xodimlarining ish jarayonini tashkil etishda qo‘l keladigan va xavfsizlikni boshqarish uchun kerakli dasturlar o‘rnatilganini nashrga xabar berdi. Ammo “xitoycha” Windows 10 operatsion tizimi boshqa versiyadagi dasturlar bilan ham mos keladi.
Bugungi kunda Xitoy hukumati Linux asosida yaratilgan NeoKylin operatsion tizimiga homiylik qilmoqda va undan foydalanmoqda. Bu operatsion tizim Tianhe-2 superkompyuterida ishlatiladi.