“Barselona” hujumchisi Lionel Messi Barselonada ming kvadrat metr maydonga ega restoran ochadi. Regio7 nashrining ma'lum qilishicha, restoran Bellavista del Jardin del Norte (Shimoliy bog‘ning go‘zal ko‘rinishi) deb nomlanadi.
Futbolchi bilan birga restoran egalari uning katta akasi Rodrigo Messi va taniqli restoratorlar aka-uka Iglesiaslar bo‘ladi. Restoran Enric Granados, 86 manzili bo‘yicha joylashib, kichik shaharcha ko‘rinishida quriladi. Bu yerda maydon, bog‘lar, kiosklar, barlar barpo etiladi. Ta'kidlanishicha, o‘ziga xos uslubda bezaladigan har bir zalda turli oshxona taomlaridan tanovul qilib ko‘rish mumkin bo‘ladi. Restoran egalari oshpazlar sifatida Mishlen yulduzlari bilan taqdirlangan oshpazlarni taklif qilishmoqchi.
Restoranda kino va futbol namoyishlarini ko‘rish, videoo‘yinlar o‘ynash, kutubxonada kitoblar o‘qish va degustatsiya o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Uning hududida diskotekalar tashkil qilinadi. Bundan tashqari, bu yerda mehmonlar futbolchi mukofotlarining nusxalarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Messi o‘zining asosiy faoliyati bilan birga tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan yagona \taniqli shaxs emas. Misol uchun, yanvarda Travel and Leisure nashri yulduzlarga tegishli bo‘lgan mehmonxonalar ro‘yxatini chop etdi. Ro‘yxatdan tennischi Endi Marrey, rejissyor Frensis Ford Koppola, aktyorlar Xyu Jyekman va Robert De Niro va zamonamizning boshqa ko‘plab yulduzlari o‘rin oldi.