EgyptAir aviakompaniyasiga tegishli A320 samolyotini garovga olgan Ibrohim Samaha AQShning Atlanta shahridagi universitetning faxriy professori hamda AQSh fuqarosi ekani aniqlandi. Bu haqda «Al-Ahram» gazetasi xabar qilgan.
Manbaning yozishicha, Samaha shifokor-veterinar diplomi sohibi bo‘lib, Misrning Iskandariya viloyatida yashab kelgan.
Gretsiyaning «Proto tema» gazetasi xabariga ko‘ra esa Larnaka aeroporti ma'muriyati va professor o‘rtasidagi muzokaralar vaqtida u o‘zining sobiq rafiqasi, ayni vaqtda Kiprda yashayotgan ayol bilan uchrashtirishni so‘ragan. Politsiyachilar bu ayolni topishgan va ayni vaqtda uni aeroport hududiga olib borishgan.
Larnaka aeroportida tushirilgan, Misr televideniyesida ko‘rsatilgan dastlabki kadrlardan ma'lum bo‘lishicha, Samaha taxminan 50 yosh atrofidagi erkakdir. U Aleksandriya–Qohira reysi yo‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lib, 38K joyida o‘tirgan.
Bundan oldinroq, Samaha ekipajga samolyot bortida bomba borligini aytgani va Turkiyaga uchishni talab qilgani ma'lum bo‘lgandi. Ammo yoqilg‘i kamligi bois uchuvchi samolyotni Kiprning Larnaka shahriga qo‘ndirgan.
Ayni paytga kelib barcha yo‘lovchilar ozod qilingan, bortda uchuvchi va aviaqaroqchining o‘zi qolgan. Samolyot bortida bomba borligi haqidagi xabar hozircha tasdiqlanmagan.
Kipr TIV ma'lumotiga ko‘ra, esa samolyotda yana bir qancha xorijlik yo‘lovchilar qolgan bo‘lishi mumkin.