21 asrning “Yo‘qotilayotgan avlodi”

Jahon 10:11 / 29.03.2016 11304

Tabiat injiqliklari, ekologik halokatlar, texnogen fojialar, urushlar, qurolli to‘qnashuvlar, yadro xavfi, siyosiy qarama-qarshiliklar, giyohvandlik, OIT. Bular 21 asr ko‘zgusidagi muammolardir. Insoniyatning yana bir fojiasi - yoshlar orasidagi muammolar ham dolzarb masala hisoblanadi.

Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda Yer yuzida 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lganlar soni bir milliarddan oshib ketgan. Ular sayyora aholisining 20 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Yoshlarning 85 foizi rivojlangan mamlakatlarda istiqomat qiladi. Ayni damda yoshlarning 10 millionga yaqini OITSga chalingan. Insoniyatning butun tarixi davomida hozirgi avlod o‘qimishli ekani tan olinsa-da, 113 million nafar bola maktabga bormaydi. Zamonaviy dunyoda 130 million o‘smirning savodsiz ekani tan olinadi.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida keksalar soni ortib borayotganiga qaramay, “ko‘hna qit'a” hamon “yoshlar qit'asi” sifatida qayd etiladi. So‘nggi vaqtlarda ta'lim olishdan bebahra, ish topa olmayotgan yoshlar haqida ko‘p gapirilmoqda. Germaniya kansleri Angela Merkel 2013 yilda The Guardian nashriga bergan intervyusida yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikni “Yevropadagi eng dolzarb muammosi” sifatida ta'riflagandi. U Yevropa mamlakatlarining hukumatlari “Yo‘qotilgan avlod” paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Germaniya tajribasidan foydalanishi lozimligini ta'kidlagandi. Germaniya tajribasi shundan iboratki, bu mamlakatda talabalar bir vaqtining o‘zida ta'lim oladi va ish bilan mashg‘ul bo‘ladi. “Yo‘qotilgan avlod” (fransuzcha Génération perdue, inglizcha Lost Generation) — Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari oralig‘ida paydo bo‘lgan ibora bo‘lib, bir qator yozuvchilarning ijodida o‘z aksini topgan. “Yo‘qotilgan avlod” deganda 18 yoshida urushga ketib, odamlarni o‘ldirishga jalb qilinganlar tushunilgan. Urushdan keyin ular odatiy hayotga moslashishlari qiyin kechgan. Ularning ko‘pchiligi o‘z joniga qasd qilgan bo‘lsa, boshqalari aqldan ozgan edi. Ibora muallifi Gertrude Stayn ekani aytiladi. 1930-31 yillarda Erix Mariya Remark “Qaytish” (“Der Weg zurück”) deb nomlangan roman yozadi. Unda Birinchi jahon urushidan qaytgan askarning hayoti qalamga olingan. “Uch o‘rtoq” romanida esa yo‘qotilgan avlod taqdiri haqida hikoya qiladi. Tahlilchilarning fikricha, Birinchi jahon urushi tugaganiga salkam bir asr bo‘ldi. Ammo bugungi yoshlarni ham o‘sha davr askarlarining hayotiga qiyoslayotganlar bor. 21 asrning “yo‘qotilgan avlodi” paydo bo‘lishiga ishsizlik sabab bo‘layotgani tan olinadi.

Ma'lum bo‘lishicha, Yevropada 25 yoshgacha bo‘lgan 5 milliondan ortiq ishsiz bor. Yoshlarning ish bilan ta'minlanmagani Yevropa kelajagini xavf ostida qoldirishi mumkin. Rivojlanayotgan mamlakatlarda yoshlar norasmiy ravishda ishlaydi. Yoshlar oz ish haqiga bo‘lsa-da ishlashga rozi bo‘ladi. Kambodja va Peru yashirin iqtisodiyotida yoshlarning 80 foizi band. Iqtisodchilarning fikricha, yoshlar qanchalik ko‘p noqonuniy mehnat bilan band bo‘lar ekan, mamlakat iqtisodi qiyin ahvolda qolaveradi. Jahondagi ishsizlik muammosi xavfli holat bo‘lib, bu nafaqat iqtisod uchun, balki ijtimoiy hayotda ham fojialarga sabab bo‘ladi.

AQShdagi yoshlar orasida esa giyohvandlar, jinoyatchilar, ishsizlar, irqchilar soni ortib borayotganidan xavotirlar paydo bo‘ldi. Center for American Progress tadqiqot tashkiloti xulosalariga ko‘ra, ayni damda 10 milliondan ortiq yosh amerikalik ish topishga qiynalmoqda.
Xalqaro Mehnat tashkiloti e'lon qilgan hisobotga qaraganda, 2013 yilda 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan 74,5 million yoshlar ishsiz edi. Bu 2012 yilga nisbatan bir millionga ko‘p demakdir. Yoshlar orasidagi global ishsizlik 13,1 foizni tashkil qiladi. Bu kattalar o‘rtasidagi ko‘rsatkichdan uch barobar ko‘p ekanini ko‘rsatib turibdi. Mutaxassislarning fikricha, bu raqam 2018 yilgacha yanada oshadi. Xalqaro Mehnat tashkiloti hisobotiga ko‘ra, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, shuningdek, Lotin Amerikasi, Karib havzasi va janubiy Yevropada bu boradagi ko‘rsatkich ancha yuqori ekani aytiladi. Kuzatuvchilarning fikricha, iqtisodi rivojlangan mamlakatlarda istiqomat qilayotgan yoshlar 2008 yilda kuzatilgan global inqirozning asosiy jabrdiydasiga aylanishdi. Vaziyatni tahlil qilgan Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot tashkiloti bu holatni yoshlar o‘rtasidagi inqiroz deb atadi. Tashkilot hisobotiga ko‘ra, 2007 yilning mart oyida Ispaniyada yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik 17,4 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2012 yilning mart oyida bu raqam 51 foizga chiqdi. Fransiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Polsha, Irlandiya va Italiyada har besh nafar yoshning biri hamon ish qidirish bilan ovora.

Inqirozning yana bir sababi rivojlangan davlatlarda ish beruvchilar yoshi kattalarni emas balki yoshlarni ishdan bo‘shatishni afzal ko‘rishadi.

Iqtisodi taraqqiy etgan mamlakatlarda ham yoshlar ish bilan ta'minlanmayotgan ekan, rivojlanish yo‘liga o‘tgan mamlakatlarda yoshlarni ish bilan ta'minlash bosh og‘rig‘i sanaladi. “Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r” deyishadi-ku! Bu mamlakatlarda maktab va kollejlarni bitirib, mehnat bozorida paydo bo‘lgan yoshlarni ish bilan ta'minlashga ulgurib bo‘lmayapti. Yoshlar o‘rtasida ishsizlar soni bo‘yicha Afrika qit'asi yetakchilik qiladi. Liberiya, Malavi va Togoda 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 70 foizidan ko‘prog‘i ishsizlikni “o‘ziga kasb qilib olgan”. Bu kabi muammoni iqtisodi taraqqiy etgan Xitoy va Hindiston ham bartaraf eta olmayapti.

Iqtisodchilarning fikricha, hozirgi yosh avlod kelajakda ota-onalaridan ko‘ra yomonroq yashashlari mumkin. Ularning kelajagi porloq emasligidan ogohlantirilmoqda. The Guardian gazetasi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijalariga qaraganda, yoshlar ish beruvchilar tomonidan doimiy ravishda rad javoblarini eshitishdan norozi ekanliklarini aytishgan.

Yoshlar o‘rtasida yana bir illat paydo bo‘lgan. 21 asr ilm-fan va texnika, taraqqiyot asri. Zamonaviy dunyoni kompyuter, mobil telefoni, nanotexnologiyalar mahsulotlarisiz tassavvur qilib bo‘lmaydi. Ayni shu sababli yoshlarning dunyoqarashi tubdan o‘zgarib ketdi. Bugungi yoshlar mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishni emas, balki o‘z vaqtini bekorga sarflayotgandek bo‘lmoqda. Ular kunlarini ijtimoiy tarmoqlarda, virtual olamda o‘tkazishni afzal ko‘rishmoqda. Internetga mubtalo bo‘lish 21 asrning bedavo kasalligidir. Real hayotdan virtual makonga o‘tayotganlar ko‘payib borayotgani tashvishlidir. Shuningdek, oilasini tashlab, spirtli mahsulotlar va giyohvandlikka mubtalo bo‘layotganlarning kelajagini porloq deb bo‘lmaydi. Kuzatuvchilarning fikricha, 21 asrda yoshlar orasida ma'naviyat ortga ketmoqda.

Jahondagi yoshlar o‘rtasidagi o‘limlar tahlil qilinar ekan, o‘limlarning uchdan bir qismi o‘z joniga qasd qiluvchilar hissasiga to‘g‘ri kelishi ma'lum bo‘ldi. Bu xaqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lum qildi. Rivojlangan mamlakatlarda istiqomat qiluvchi yoshlarning ruhiy holati deyarli bir xil ekani aytiladi. Ruhshunoslarning aytishicha, oilada ota-onalarining janjali bolalarning ruhiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatar ekan. Ayni shu holat ularning o‘z joniga qasd qilishiga sabab bo‘ladi. Tadqiqotchilar oilada janjallar kamaygan taqdirdagina, yoshlarning o‘z joniga qasd qilish holatlari keskin qisqarishini aytishadi.

So‘nggi vaqtlarda o‘qishni, ishlashni xohlamaydigan yoshlar ko‘payib borayotgani haqida maqolalar ko‘paymoqda. Bu yoshlar ishsizlar, jinoyatchilar va giyohvandlar safini to‘ldirayotgani ayanchli. Bugungi kunda jahon yoshlarining aksariyati nima qilishlarini bilmasliklari aniq bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi maktabni bitirishlari bilanoq “burchak”ka borib tamaki chekish va spirtli ichimliklar iste'mol qilishga berilib ketadi. Boshqalari esa ertalabdan kechgacha ko‘chalarda sang‘ib yurishadi. Juda kamdan- kamlarigina foydali ishlar bilan shug‘ullanadi. O‘zlari bilib-bilmay terrorchilar, ekstremistlar safiga qo‘shilayotgan yoshlarni to‘xtatib qolish keskin chora-tadbirlar ko‘rish zaruratga aylangan.

Shu o‘rinda erta turmush qurish ham global muammolardan biri sifatida ko‘rilmoqda. G‘arb mamlakatlarida erta nikohdan o‘tish abortlarning ko‘payishiga, bu o‘z navbatida, ayollarning salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Yoshlarni ish bilan ta'minlash global muammoga aylangan. Shu sababli ham bu muammoni hal qilish borasida hamma oyoqqa turishi talab etiladi. Manpower rekruting kompaniyasi rahbari Jyeffri Jorres ta'kidlaganidek, hukumatlar ishsizlik bilan bog‘liq muammoga qarshi kurashda taslim bo‘lishiga haqli emas. Aks holda yoshlarning ishsizligi keyingi o‘n yilliklar uchun haqiqiy epidemiyaga aylanadi.

Yoshlar bizning kelajagimiz. Agar mamlakatda yoshlar bilan bog‘liq muammolar bor ekan, bu mamlakatning kelajagi bo‘lmaydi. Kechagi va bugungi kun bilan emas, balki ertangi kun uchun xam yashash kerak. Buning uchun kelajak avlod borasida qayg‘urish kerak. Ularga barcha imkoniyatlarni yaratib berish zarur.

O‘zbekiston prezidentining 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta'minlash, yuksak ma'naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish maqsadlari ifoda etilgan.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma'nan yetuk insonlar etib tarbiyalash, yoshlarning iste'dod va salohiyatini yuzaga chiqarish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Yoshlarni milliy mentalitetga yot turli tahdidlardan himoya qilish, vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash bugungi globallashuv zamonida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: