"Tolibon" harakati ta'siridagi jangarilar 27 mart kuni Pokiston sharqidagi Lahor shahrida sodir etilgan portlash uchun javobgarlikni zimmasiga oldi. Bu haqda Reyter agentligi xabar tarqatgan.
27 mart kunining ikkinchi yarmida xudkush terrorchi bolalar bog‘i hududida o‘zini portlatishi natijasida ayollar va bolalar qurbon bo‘ldi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni kamida 65 nafarni, jarohatlanganlar soni 280 nafarni tashkil qilgan.
Agentlikda qayd etilishicha, hujum nishoni xristianlar bo‘lgan.
Bundan oldinroq, Pokiston armiyasi mamlakatning Afg‘oniston chegaralariga yaqin hududlarida aksilterror amaliyotlarning oxirgi bosqichiga kirishishi haqida e'lon qilgandi. Hukumat harbiylari 2014 yil yozida Shimoliy Vaziriston hududida "Zarb-e-Azb" nomi ostida "Tolibon" va "Al-Qoida" hamda boshqa guruhlar jangarilarga qarshi "universal amaliyotlar" o‘tkazishni boshlagandi. Amaliyotlarga Pokiston armiyasining 30 mingdan ortiq harbiysi jalb etilgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, amaliyotlar boshlanganidan buyon 2,8 mingdan ortiq jangari yo‘q qilingan.