«Arsenal» jamoasi yarim himoyachisi Mesut O‘zil o‘z jamoasining APL chempionligi uchun poygadagi vaziyati haqida fikr bildirib o‘tdi.
«Aytishim mumkinki, biz hali chempion bo‘lish uchun yetarli imkoniyatlarga egamiz. Mavsum yakuniga qadar oz vaqt qolgan bo‘lsada, hozirda birinchi o‘rinda ketayotgan «Lester»ni qolgan turlarda katta jamoalarga qarshi qiyin o‘yinlar kutib turibdi. Biz esa o‘z o‘yinlarimizda ochko yo‘qotmasligimiz kerak bo‘ladi.
Hali chempionlikdan umid uzmadik va bizda vazifani uddalay oladigan futbolchilar bor. Vazifani uddalash oson bo‘lmaydi, qolaversa, «Lester»ning qoqilishini kutishga majburmiz.
Agar keyingi mavsumda yana sovrinlar uchun kurashishni istasak, yozda tarkibni kuchaytirishimiz kerak bo‘ladi», — deydi O‘zil.
APL mavsumining tugashiga yetti tur qolganda «Arsenal» peshqadam «Lester»dan 11 ochko ortda qolib (bitta kam o‘yin o‘tkazilgan), uchinchi o‘rinda bormoqda.