Lahordagi portlashdan so‘ng Facebook o‘z foydalanuvchilaridan xatolik uchun uzr so‘radi

Jahon 10:44 / 28.03.2016 872

Pokistondagi teraktdan so‘ng Facebook ijtimoiy tarmog‘ining ba'zi foydalanuvchilariga garchand u mamlakatda yashamasalar-da, "Sizlarga shikast yetmadimi?", degan savol bilan murojaat etildi.

Xabar mobil telefonlarga matnli sms ko‘rinishida yuborilgan. Ularda hech qanday izohlarsiz "Portlashdan zarar ko‘rmadingizmi?", deb so‘ralgan. “RIA Novosti”ning ma'lum qilishicha, bu ko‘rinishdagi xabarlar rossiyaliklarga ham kelgan.

Gap Facebook’ning Safety Check ("Xavfsizlikni tekshirish") xizmati haqida bormoqda. Unga ko‘ra, ko‘ngilsizlik yuz bergan hududda yashovchi foydalanuvchilarga "Hammasi joyidami?" qabilida xabar yuboriladi.

Facebook ijtimoiy tarmog‘i bunday xatosi uchun foydalanuvchilaridan uzr so‘radi. Tarmoq avval ham mazkur tizimi bilan bog‘liq tanqidlarga uchragandi.

Eslatib o‘tamiz, Lahordagi portlash 27 mart kuni kechasi yuz berdi. Voqea pasxa bayramini nishonlash uchun yuzlab odamlar yig‘ilgan bolalar istirohat bog‘ida sodir bo‘lgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, u yerda 69 nafar kishi halok bo‘lib, ulardan 23 nafari bolalardir. 300dan ortiq kishi turli xil tan jarohatlari oldi.

Mazkur hodisaga javobgarlikni "Tolibon" harakati bilan bog‘liq "Jamoat-ul-ahror" terroristik tashkiloti o‘z zimmasiga oldi. Ekstremistlar ularning maqsadi nasroniylar bo‘lganini ma'lum qilishgan.

Ko‘proq yangiliklar: