Birlashgan Arab Amirliklarida har yili Onalar kuni nishonlanadi. Shu munosabat bilan Abu-Dabidagi Milliy ko‘rgazmalar saroyida tantanali marosim tashkil etildi. Tadbirda amirlikning atoqli ayollariga davlat mukofotlari topshirildi. Shuningdek, BAA birinchi prezidentining rafiqasi bo‘lmish shayxi Fotima bin Muborakning mamlakat rivoji uchun qo‘shgan hissasi alohida qayd etildi.
Shayxi Fotima BAA Ayollar federatsiyasini 30 yildan beri boshqarib kelmoqda va u Oilani rivojlantirish fondi hamda Onalik va bolalik masalasi bo‘yicha Yuqori kengashning raisasi hisoblanadi. BAA prezidenti o‘rinbosari va Dubay hokimi shayx Muhammad bin Rashid Al-Maktum shayxi Fotimaga “Maker of Men” (“Erkaklarni yaratuvchi ayol”) deb nomlanuvchi she'rni bag‘ishladi. She'riy misralardan kuy bastalangan bo‘lib, uning videosi hokimning tvitterdagi sahifasiga joylashtirilgan.