Pan Gi Mun: Suriyadagi mojarolar oqibatida 500 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan

Jahon 10:38 / 26.03.2016 1091

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Suriyada davom etayotgan urush tufayli kamida 255 ming kishi halok bo‘lgani, ayrim manbalarda bu raqam aslida yarim milliondan ortiqligini ta'kidlamoqda. U, Rossiya va AQShning mintaqada tinchlikka erishish borasidagi sa'y-harakatlarini qayd etgan holda, ziddiyatga tezroq barham berishga chaqirdi.

"Biz juda ko‘p sonli insonlar qurbon bo‘layotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz, — bu kamida 255 ming kishidir, ayrimlar esa, bu raqam yanada ko‘p, ya'ni 500 mingdan ortiqligini aytishmoqda", — degan BMT rahbari. Uning aytishicha, "bunday jiddiy va qalbni larzaga soluvchi vaziyat" tufayli 4 mln suriyalik qochqinga aylangan, vatanlarini tashlab ketishga jur'at etolmagan 12 mln kishi esa insonparvarlik yordamlariga muhtoj. Mamlakatning katta qismi vayronalar ostida, 50 foizdan ko‘proq infratuzilmalar yo‘q qilingan.

"Biz bu urushni imkon qadar tezroq to‘xtatishimiz lozim. Buning uchun, yetakchilarning siyosiy xohishi, suriyaliklarning qat'iyati talab etiladi. Bu – BMTning kelajagi emas, balki Suriya xalqining kelajagidir", — degan Pan Gi Mun. U mojaroga barham berish uchun jahon hamjamiyati barcha choralarni ko‘rishini qo‘shimcha qilar ekan, bu muammoga zudlik bilan barham berilmasa, uning salbiy oqibatlari butun dunyodagi vaziyatga ta'sir etaverishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 24 mart kuni Jyenevada Suriyadagi ziddiyat ishtirokchilari o‘rtasidagi ilk muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda, Suriya hukumati va muxolifat vakillari o‘zaro uchrashmay, BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Staffan de Misturu vositachiligida munozaralar o‘tkazishgan. Aprelning birinchi yarmida muzokaralar qayta boshlanishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: