Shimoliy Koreya davlat mudofaa qo‘mitasi, Pxenyanning 2010 yil 26 martida Sariq dengizda bo‘lgan hodisaga hech qanday aloqasi yo‘qligini inkor etmoqda. O‘shanda Janubiy Koreyaning "Chxonan" harbiy korveti dengizga g‘arq bo‘lishi oqibatida 46 nafar harbiy halok bo‘lgandi. Sh. Koreya mudofaa qo‘mitasi tekshiruv guruhi bayonotida ta'kidlanishicha,”J. Koreya rahbariyati yil sayin jamoat fikrini chalg‘itish hamda shimoldagi vatandoshlar bilan ziddiyatni kuchaytirish maqsadida Sh. Koreyaning mazkur voqeaga aloqadorligi borasidagi uydirmalarni tarqatib kelmoqda”. Bu haqda, Koreya markaziy telegraf agentligi xabar qilgan. Qo‘mita bayonotida aytilishicha, KXDR "janubning dushmanona harakatlariga qarshi zarur choralarni ko‘radi".
Rasmiy Pxenyanning fikricha, "Chxonan" korveti bilan bog‘liq hodisa shimoli-sharqiy Osiyo mintaqasida tanglikni kuchaytirish maqsadida AQSh va J. Koreya tomonidan uyushtirilgan. Bu aslida Vashingtonning strategik manfaatlariga ham mos keladi, deyiladi xabarda.
Avvalroq, BMT XKda Sh. Koreya mudofaa qo‘mitasining hisoboti rasmiy hujjat sifatida tarqatilgan edi. Unda, Shimoliy Koreyaning "korvet voqeasiga hech qanday aloqasi yuq"ligi xususida ekspertlar xulosasi keltirilgan. "Vashington va Seul shimolliklarni nafaqat voqea joyiga qo‘yishmadi, balki korvetning halokatiga doir tekshiruvlarni KXDR bilan hamkorlikda o‘tkazishdan bosh tortdi", — deb ta'kidlanadi hujjatda.
2010 yil 20 mayida J. Koreyada AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Shvetsiyalik mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan tergov komissiyasi xulosasiga ko‘ra, harbiy kema torpedo hujumi tufayli suvga cho‘kkan. O‘shanda, torpedoda Sh. Koreyaga oid belgilar borligi aytilgandi.