Dorilar 3D-printerda bosib chiqarilishi boshlandi

Fan-texnika 20:12 / 26.03.2016 5259

AQShning "Aprecia Pharmaceuticals" farmatsevtik kompaniyasi xodimlari FDA’ning (Food and Drug Administration – Oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar sifatini sanitar nazorat qilish boshqarmasi) dori vositalarini yaratish uchun 3D-bosma texnologiyasidan foydalanish uchun ruxsat olishdi. "Spritam" (Levetiratsetam) 3D-printer yordamida yaratilgan birinchi dori vositasi bo‘ldi.

Ushbu dori kattalar va bolalarda epileptik (tutqanoq) xurujlar rivojlanishining oldini olish uchun qo‘llanadi. Rossiyada "Levetiratsetam" dorisi Rossiya hukumati tomonidan tasdiqlangan hayotiy zarur va eng muhim dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan.  

"Spritam"ni yaratishning ZipDose deb nomlangan yangi texnologiyasi Massachusets texnologik instituti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqildi. Uning yordamida tabletkalar presslangan dori qatlamlari holida emas, balki g‘ovaksimon holda yaratiladi. Bu ishlab chiqarish turi dori vositasining tezroq erishi va yaxshiroq so‘rilishi imkonini beradi. Shuningdek, kompaniya xodimlarining ta'kidlashicha, bu uslub dorini yutishda qiynaladigan bemorlarga uni qabul qilishlarini osonlashtiradi, chunki u bir necha soniyalarda erib ketadi.

Aprecia Pharmaceuticals bosh direktori Don Vezerxoldning aytishicha, taklif qilingan texnologiya shizofreniya, Parkinson kasalligi yoki boshqa kasalliklardan aziyat chekuvchi bemorlar uchun dorilar yaratishda ham qo‘llanishi mumkin.

"Spritam tutqanoqqa qarshi dorilar qabul qilish haqidagi tasavvurimizni o‘zgartirgan dori vositasi hisoblanadi, bu dori bizning dorilarimiz ichida shifokor va bemorlarga davolashning qo‘shimcha variantlarini taklif qiluvchi birinchi doridir", deb aytdi Vezerxold.

2016 yil yanvarida kompaniya Deerfield Management jamg‘armasidan 35 mln dollarlik investitsiya olgan. Ayni vaqtda kompaniya 3D-bosma texnologiyasini farmatsevtik maqsadlarda qo‘llash texnologiyasi uchun eksklyuziv xalqaro litsenziyaga ega.

Ko‘proq yangiliklar: