Avvalroq “Bodomzor” mahallasida Captiva haydovchisi urib yuborgan 39 yoshli Nasiba Qosimova Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining Jonlantirish bo‘limida juda og‘ir ahvolda yotgani haqida xabar bergan edik. Biroz avval 3 nafar farzandning onasi bo‘lgan Nasiba Qosimovaning joni uzildi. Bu haqda marhumning yaqin qarindoshi Ne'mat Xotamov ma'lumotiga asoslanib, “Qalampir.uz” xabar bermoqda.
Voqea 22 mart kuni soat 07:30 lar atrofida sodir bo‘lgandi. Katta tezlikda mahalla bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Captiva Nasiba Qosimovani urib yuboradi. Natijada jabrlanuvchi 15 metr nariga borib tushib, og‘ir jarohat oladi. Haydovchi esa voqea joyidan qochishga urunib, yo‘ldagi Spark va Cobalt avtomobillariga ham shikast yetkazadi. Captiva’ni bir ko‘rishda tanish juda qiyin. Guvohlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirayotgan fikrlariga qaraganda, mashinani yosh qiz boshqarayotgan bo‘lgan. Mashinadan tushgan ikki yigit va bir qiz juftakni rostlashgan. Nasiba Qosimova avvaliga Toshkent shahar 7-son klinik shifoxonasiga joylashtirildi. So‘ng Respublika shoshilinch tibbiy yordam markaziga o‘tkazildi.