25 – 27 mart kunlari Toshkent shahridagi Yoshlar Ijodiyoti saroyida Xalqaro Yoshlar sammiti o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi (UzTEA) va Yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (YLDP) hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda horijdagi turli oliy ta'lim muassasalari va mahalliy oliy va o‘rta-maxsus ta'lim muassasalari talabalari ishtirok etishadi.
Jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, Singapur menedjmentni rivojlantirish instituti, Turin Politexnika universiteti, Toshkentdagi Inha universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti va boshqa ta'lim dargohlarining intiluvchan talabalari ishtirokidagi Sammit ingliz tilida olib boriladi.
Xalqaro Yoshlar sammitida 400 dan ortiq qatnashchilar 5 mavzu – “Milliy turizmning ahamiyati” , “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat kafolati” , “Kiyinish va muomala madaniyati qanchalar muhim?” , “Iqtisodiy taraqqiyotning o‘zbek modeli” , “Atrof-muhitni asrash – yoshlar nigohida” kabi mavzular yuzasidan o‘zaro davra suhbatlari va muhokamalar o‘tkazishadi, treninglar davomida sohalar bo‘yicha mashhur mutaxassislardan saboqlar olish imkoniga ega bo‘ladilar.
Sammitning ikkinchi ish kuni 26 mart sanasidan qo‘lda yasalgan buyumlar yarmarkasi o‘rin olgan bo‘lib (10:00 – 18:00), ko‘rgazmaga kirish bepul.
Sammit 27 mart sanasida tantanali taqdirlash marosimi konserti bilan yakunlanadi.