23 - 26 mart kunlari Moskvada eng yirik xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri — MIIT-2016 o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston qisqa tanaffusdan so‘ng mazkur sayyohlik forumiga qo‘shildi va unda bizdan 14 ta sayyohlik kompaniyalari ishtirok etishmoqda. O‘zbekiston stendiga bo‘lgan qiziqish juda katta, shu bois Rossiya federatsiyasidan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi ko‘payishi muqarrar.
Yuqori mavqega ega bo‘lgan bu sayyohlik forumida qatnashish uchun 180 ta mamlakatdan 1500 nafar kompaniya vakillari tashrif buyurishdi. Sobiq sovet ittifoqi mamlakatlari vakillari uchun alohida zal berildi. 8-pavilonga kirar ekansiz, o‘zingizni xuddi Sharq ertaklari olamiga tushib qolgandek his etasiz. Bu yerda Samarqand moviy gumbazli saroylari ruhida yaratilgan “O‘zbekturizm”ning milliy stendiga ko‘zingiz tushadi. Yuzlab mamlakatlar orasidan u o‘zining uslubi bilan ajralib turdi. “O‘zbekturizm” stendidan tashqari yana 14 nafar sayyohlik kompaniyalarimiz hamda O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviakompaniyamiz ham u yerdan joy olgan.
Yevropadagi beqaror vaziyat, shuningdek, Turkiya va Misr kurortalarining ta'qiqlanganidan so‘ng rossiyaliklarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda. Yurtimiz o‘zining madaniy-tarixiy merosi, ajoyib iqlimi bilan sayyohlarning e'tiborini jalb qilmoqda, bu yerda til muammosining yo‘qligi ham muhim o‘rin tutadi.
Kompaniya vakili bugungi kunda dolzarb hisoblangan moliyaviy masalaga to‘xtalar ekan, bu ma'lum bir sayyohlik turi hamda sayohat vaqtiga bog‘liq ekanligini ta'kidladi. Mamlakatimizning madaniy-tarixiy markazlari bilan haftalik tanishuv sayohati rossiyaliklar uchun o‘rta hisobda 450 dollarga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq uchish xarajatlari bunga kirmaydi, alohida to‘lanadi.
“Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, YuNeSKO obidalari hisobiga ko‘ra, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi butun dunyo bo‘yicha 9-o‘rinda turadi. Shuning uchun yevropaliklar, xususan, fratsuzlar va nemislarni yurtimizga asosan madaniy-ma'rifiy qiziqishlar yetaklamoqda. Ammo so‘nggi vaqtlarda ekoturizm ham rivojlanib kelmoqda”, deydi Xalqaro aloqalar boshqarmasi bosh mutaxassisi Oksana Savadova.
Oxirgi yillarda mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar oqimi yiliga 2 milliondan ortiqni tashkil etdi.
Rossiyalik sayyohlarni to‘xtatib turgan eng muhim omillardan biri – aviareys narxlari. Moskva-Toshkent yo‘nalishidagi ikki tomonli aviareys 25 ming rubl atrofida bo‘lib, hozirgi iqtisodiy sharoitda bu sayohlarga biroz noqulaylik keltirib chiqarmoqda. Shu muammoni bartaraf etish yuzasidan davlatlararo muzokaralar olib borilmoqda.