O‘zbekiston Rossiya va Qozog‘istonga 12 mln dollarlik poyabzal mahsulotlari yetkazib beradi

O‘zbekiston 19:15 / 25.03.2016 2113

Olmaotada bo‘lib o‘tgan V Shoesstar xalqaro poyabzal ko‘rgazmasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari Rossiya hamda Qozog‘iston vakillari bilan 12 mln dollarlik mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolashgan. Bu haqda «Jahon» axborot agentligi xabar bergan.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston vakillari poyabzal ishlab chiqarish, teriga ishlov berish, xomashyo tayyorlash bo‘yicha 252ta korxonani birlashtiruvchi «O‘zbekcharmpoyabzali» O‘zbekiston charm-poyabzal korxonalari assotsiatsiyasining milliy uslubdagi stendi orqali o‘z mahsulotlarini namoyish qilishgan.

"Samarqand gumbazlarini eslatuvchi bezaklar og‘ushida, Buxoro va Xiva me'morchiligiga xos uslubda barpo qilingan o‘zbekistonliklar stendi boshqa ishtirokchilarning katta qiziqishlarini uyg‘otdi", deyiladi xabarda.

Ko‘rgazma yakunida «O‘zcharmpoyabzali» assotsiatsiyasi hamda Shoesstar xalqaro poyabzal va charm-attorlik ko‘rgazmasi direksiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi, 12 million dollardan ziyod qiymatdagi O‘zbekiston mahsulotini Qozog‘iston va Rossiya bozorlariga yetkazish haqida kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, uchrashuvlar chog‘ida O‘zbekiston korxonalari mahsulotlarini Qozog‘istonga sotish bo‘yicha O‘zbekiston-Qozog‘iston savdo uyini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.

Ko‘rgazmada O‘zbekistondan tashqari, Germaniya, Xitoy, Turkiya, Italiya kabi dunyoning 14 mamlakatidan kelgan poyabzal va charm-mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar qatnashdi.

Ko‘proq yangiliklar: