IShID jangarilari 24 martdan 25 martga o‘tar kechasi Palmirada Suriya armiyasiga qarshi kimyoviy qurol qo‘lladi. Bu haqda "Russkaya vesna"portali xabar bermoqda.
Jangarilar Suriya hukumat qo‘shinlarining Jabal-Hayya tog‘idagi pozitsiyalariga taxminlarcha sariq fosfor solingan 5 ta artilleriya snaryadini otgan. Portal ma'lumotlariga ko‘ra, kimyoviy hujum oqibatida 7 nafar harbiy zaharlanish va kuyishlar olgan.
Suriya qo‘shinlari ittifoqchi tuzilmalar ko‘magida qadimiy shaharda jangarilar pozitsiyalariga hujumni davom ettirmoqda va uning kattagina qismini o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘ldi.
Tozalanmagan oq fosfor sariq fosfor deb ataladi, bu modda juda zaharli hisoblanadi. Havoda oksidlanib, o‘z-o‘zidan alangalanib ketadi. Sariq fosfor yonganda chiqadigan bug‘lar ko‘zlarni, nafas yo‘llarini qattiq yallig‘lantiradi, terini kuydiradi.