Demokratlar partiyasidan prezidentlikka da'vogar Hillari Klinton va Hollivud yulduzi Jorj Kluni bilan birga kechki ovqatning narxi ma'lum qilindi.
"AQShning sobiq davlat kotibi va aktyor bilan birga ovqatlanish uchun ikkita joyning bahosi 353,4 ming dollar deb baholandi", deb xabar beradi Politico nashri.
Oqshom 15 aprel kuni San-Frantsiskoda tadbirkor Shervin Pishevarning uyida bo‘lib o‘tadi. Ziyofatda Kluni bilan birga uning turmush o‘rtog‘i Amal Kluni ham ishtirok etadi.
16 aprel kuni shu yulduzli tarkib bilan Los-Anjyelesda yana bir marosim o‘tkaziladi. Bu yerdagi bir kishilik kechki ovqatning narxi 33,4 ming dollar etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, bu tadbirlardan tushgan mablag‘lar Klinton saylov jamg‘armasi hisobiga o‘tkaziladi.