2016 yilning 25 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqining Toshkent shahridagi ofisiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV sayti xabar tarqatgan.
Vazir ko‘plab insonlarning halok bo‘lishiga olib kelgan 2016 yil 22 mart kuni Bryussel shahrida sodir etilgan terrorchilik harakatlari munosabati bilan chuqur ta'ziya bildirdi va diplomatik vakolatxonada ochilgan Hamdardlik kitobiga qayd kiritdi.
YeI delegatsiyasi rahbari, elchi Yuriy Shterk o‘z navbatida Belgiya Qirolligi va butun Yevropa Ittifoqi uchun qayg‘uli bo‘lgan damlarda hamdardlik va dalda so‘zlari uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 22 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 8:10da Bryussel aeroportida ikkita portlash sodir etildi. Ko‘p o‘tmasdan, Bryusseldagi metro bekatlarida ham 3ta terakt amalga oshirildi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, portlashlar oqibatida 31 kishi halok bo‘lgan, 300ga yaqin kishi jarohatlangan.
Terakt uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan. Jangarilar bu xuruj Belgiyaning Iroq va Suriyada xalqaro koalitsiya tarkibida IShIDga qarshi amaliyotlarda ishtirok etgani uchun sodir etilganini bildirishgan.