2015 yilda O‘zbekistonda 17 ming 500 dan ortiq yangi fermer xo‘jaligi va 250 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etildi

O‘zbekiston 23:21 / 25.03.2016 5312

Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma'ruzasida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish 2016 yil va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning prinsipial muhim yo‘nalishi ekanini ta'kidladi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Fermer xo‘jaliklarining ekin maydonlari unumdorligi va yer boniteti, kontraktatsiya shartnomalarini bajarishi, ish o‘rinlari yaratishi kabi jihatlar chuqur tahlil etilib, buning natijasida 17 ming 500 dan ortiq yangi fermer xo‘jaligi va 250 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etildi.

– Paxta va g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari 50-60 gektar, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan mulkdorlarning yer maydonlari 5-10 gektargacha etib belgilandi, – deydi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining qishloqda iqtisodiy islohotlar majmuasi rahbari o‘rinbosari Muhammadjon Qosimov. – Yer maydonlari hajmini aniqlashda sub'yektiv yondashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik va bunday holatlarning oldini olish maqsadida bu tadbirlar deputatlar korpusi, Fermerlar kengashi va jamoatchilik tomonidan ochiqlik va oshkoralik asosida o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 15 dekabrdagi “Fermer xo‘jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning 1 yanvaridan fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer maydonlari ajratish va taqsimlashning yangi mexanizmi joriy etildi. Endilikda qarorni tuman hokimi emas, balki O‘zbekiston Fermerlari kengashi va Yer uchastkalari taqdim etish masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasi xulosasi bo‘yicha xalq deputatlari tuman Kengashlari qabul qilmoqda. O‘zbekiston Adliya vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi fermer xo‘jaliklarining qonuniy manfaatlarini ta'minlamoqda, tugatish va tashkil etish ishlari tegishli tartibda amalga oshirilmoqda.

Saxovatli zaminimizda yetishtirilgan mazali va ekologik toza noz-ne'matlar butun dunyoda qadrlanadi. 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturda bu borada uzoq istiqbolga mo‘ljallangan qator muhim vazifalar belgilab berildi. 2020 yilgacha paxta xomashyosini yetishtirish va uni davlat tomonidan xarid qilish hajmi 3 million 350 ming tonnadan 3 million tonnaga bosqichma-bosqich qisqartiriladi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 3 million tonna paxta to‘qimachilik va yengil sanoat ehtiyojini nafaqat to‘la ta'minlaydi, balki O‘zbekistonning jahon bozoriga paxta tolasi va undan tayyorlanadigan mahsulotlar yetkazib beradigan mamlakat sifatidagi mustahkam mavqeini saqlab qolish imkonini ham beradi.

Paxtadan bo‘shagan 170 ming 500 gektar sug‘oriladigan ekin maydonlarida sabzavot, kartoshka, ozuqa ekinlari, moy olinadigan va boshqa o‘simliklar ekiladi, bog‘ va uzumzorlar barpo etiladi. Ekin maydonlarining optimallashtirilishi va zamonaviy agrotexnologiyalarning joriy etilishi natijasida 2020 yilda boshoqli don yetishtirish hajmini 8 million 500 ming tonnaga, kartoshka yetishtirishni 35 foizga, sabzavotni 30 foizga, meva va uzumni 21,5 foizga, go‘sht yetishtirishni 26,2 foizga, sutni 47,3 foizga, tuxumni 74,5 foizga ko‘paytirish, baliq yetishtirishni 2,5 martaga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Hozir fermer xo‘jaliklari barqaror rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish, mavjud me'yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash yo‘li bilan mulkdorlar daromadini yanada oshirishga qaratilgan sa'y-harakatlar davom etmoqda. Bunday izchil islohotlar xalqimiz farovonligini oshirish bilan birga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini kengaytirishda ham muhim omil bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: