Rekonstruksiya ishlari olib borilayotganligi sababli Toshkentning «Olmazor» metro bekati yaqinida joylashgan «Toshkent» avtovokzali yopilgan. Bu haqda O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining normativ hujjatlarni ishlab chiqish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Tohir Jamolxo‘jayevga asoslangan holda «Darakchi.uz» xabar tarqatgan.
Manbaning aytishicha, ayni vaqtda avtovokzal yopiq, lekin mazkur holat u yerda boshlangan rekonstruksiya ishlari bilan bog‘liq. Bino ta'mirga muhtojligi sababli kapital ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Rekonstruksiya muddati besh oy davom etishi rejalashtirilgan.
Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish va mashinalar to‘xtab turib qolmasligi oldini olish maqsadida vokzal vaqtinchalik Abu Saxiy bozori yonidagi hududga ko‘chirilgan. Shu bilan birga, yo‘l haqi avvalgi holatida qoladi.
Biroz avvalroq, «Toshkent» (Shimoliy) vokzali hududida demontaj ishlari boshlangani haqida xabar berilgandi.