O‘tgan haftada Kaliforniyadagi Los-Anjyeles aeroportida yuklari orasida 31,75 kg miqdoridagi kokain moddasini olib o‘tishga uringanida to‘xtatilib, keyin qochib ketgan styuardessa 23 mart kuni Nyu-York aeroportida qo‘lga tushdi. JetBlue aviakompaniyasi xodimi bo‘lgan Marsha Gey Reynolds o‘z ixtiyori bilan Jon Kennedi nomidagi aeoroportdagi politsiyachilarga taslim bo‘lgan. Bu haqda AQSh bosh prokuraturasining Nyu-Yorkdagi bo‘limi xabar qilgan.
Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, 18 mart kuni ushbu styuardessa shubhali harakatlari tufayli noqonuniy ravishda giyohvand moddalar olib o‘tishga uringani fosh bo‘lgandi. U nazoratdan o‘tish hududiga kirganida tahlikaga tushgan va 75 funt (31,75 kg) miqdoridagi kokain bo‘lgan yuklarini qoldirib qochib ketgandi.
Reynolds xonimga giyohvand moddalarni tarqatish maqsadida tashish jinoyatini sodir etish bo‘yicha ayblov e'lon qilingan. Bu ish bo‘yicha sud bugun Nyu-Yorkdagi Bruklin tumanida boshlanadi.