Haaga tribunali bosniyalik serblarning sobiq yetakchisi Karajichni 40 yilga ozodlikdan mahrum qildi

Jahon 21:24 / 24.03.2016 1637

24 martda Sobiq Yugoslaviya bo‘yicha xalqaro tribunal Serb Respublikasining sobiq prezidenti Radovan Karajichni genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topdi. Sudga raislik kiluvchi hakam O-gon Kvon 71 yoshli Karajichga 40 yillik ozodlikdan mahrum qilish hukmini chiqardi.

Serb siyosatchisi 11 ta band bo‘yicha harbiy jinoyatlarni amalga oshirganlikdda aybdor deb topildi. Ular orasida, genotsid, qotilliklar, tinch aholiga qarshi terror kampaniyasini uyushtirish, taqib qilish, deportatsiya qilish, noinsoniy harakatlar, odamlarni garovga olish, jiddiy jismoniy va ma'naviy ziyon yetkazish kabi jinoyatlar bor.

Karajich 1992-1995 yillardagi Bosniya urushi vaqtida Serb Respublikasi prezidenti bo‘lgan (1992-1996 yillar). Tribunalning fikricha, Karajich 1995 yil iyulida Srebrenitsada 8 ming musulmonning qotilligida, serb armiyasi tomonidan Sarayevoni qamal qilish vaqtida 12 ming kishining o‘limida va BMT tinchlikparvar kuchlaridan jonli qalqon sifatida foydalanishda aybdor hisoblanadi.

1995 yil yozida serb armiyasi Bosniyadagi Srebrenitsa aholi punktini bosib olib, u yerdagi barcha erkaklarni qirib tashlagan. Tribunal va BMTning xalqaro sudi bu yerdagi jinoyatni genotsid deb tasniflagan.

1992 yilda Yugoslaviyaning parchalanishidan keyin Bosniyada milliy va diniy ziddiyatlar ortida yuzaga kelgan fuqarolik urushi boshlangan. Bu urushda yuz mingga yaqin odam halok bo‘lgan.

1995 yilda xalqaro hamjamiyat vositachiligida qarama-qarshi tomonlar tinchlik sulhini tuzgan, uning natijalariga ko‘ra ikkita muxtor tuzilma: xorvat va bosniyaliklar yashaydigan Bosniya va Gertsegovina Federatsiyasi va Serb Respublikasi tashkil etilgan.

Karajich 2008 yil 21 iyulda maxsus operatsiya natijasida qo‘lga olingan hamda shu yilning 30 iyulida Haagaga ekstraditsiya qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: