Angliya terma jamoasining sobiq a'zosi, "Manchester Siti" va "Sanderlend" jamoalarining sobiq futbolchisi Adam Jonson voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan munosabatda bo‘lganlikda ayblanib, 6 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi.
Bundan tashqari, 28 yoshli futbolchi sud jarayoni uchun sarflangan 50 ming funtni jarima sifatida to‘laydi.
Hukm e'lon qilingan chog‘da u hech qanday hissiyotlarini namoyish etmagan.
Sud hakami Jonatan Rouzning qayd etishicha, Jonson o‘z jabrlanuvchisi hali 15 yoshda ekanini bilaturib, u bilan jinsiy aloqaga kirishgan.
Shu yilning fevralida Jonson o‘zining voyaga yetmagan qiz bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani bo‘yicha ayblovning 2 bandini tan olgandi. Shundan so‘ng, uning faoliyatidagi oxirgi jamoasi "Sanderlend" u bilan shartnomani bekor qildi.
Angliya milliy terma jamoasi uchun 12ta o‘yinda maydonga tushgan bu futbolchiga 10 yilgacha qamoq jazosi tahdid solayotgandi.