Samvel Babayan: “Safardagi yirik g‘alabaga qaramay, ertangi o‘yin oson kechmaydi”

Sport 16:10 / 23.03.2016 1657

Jahon chempionati-2018 ikkinichi saralash bosqichi doirasidagi O‘zbekiston – Filippin uchrashuvi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Uning ikkinchi qismida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etib, o‘yin oldidan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Ertangi raqibmizga hurmat bilan qaraymiz. Kuchli mutaxassisga ega bo‘lgan yaxshi jamoaga qarshi o‘ynaymiz. Ertaga tartibli harakat qilib, o‘z o‘yinimizni namoyish etishimiz va muxlislarni xursand qilishga intilamiz.

O‘yinga barcha futbolchilarimiz tayyor. Sardor Mirzayev mavsumni yaxshi boshladi. Chempionlar Ligasi, Oliy Liga o‘yinlarida gollar urdi va shu sababli ham kengaytirilgan tarkibdan o‘rin olgandi. Biroq hujumkor futbolchilarimiz guruhi keng va tanlov imkoniyati katta. Shu sababli ham 23 futbolchidan iborat tarkibga kirmay qoldi. Biroq u terma jamoaga nomzod futbolchi bo‘lib qolaveradi va uni doim kuzatib boramiz.

Manilada 5:1 hisobida g‘alaba qozonganimizga qaramay, ertaga o‘yin oson kechadi deb o‘ylamayman. Avvalgi o‘yinimizda yirik hisobda g‘alaba qozonganimizdan keyin ular Shimoliy Koreya bilan durang natija qayd etdi. Raqib o‘zini yaqqol autsayder deb atayotgan bo‘lsa-da, aslida unday emas.

Jamoaning asosiy tarkibi bo‘yicha 90 foizga to‘xtamga kelib oldik. Yana bir mashg‘ulotimiz bor va undan keyin yakuniy qaror qabul qilamiz", — deydi Samvel Babayan.

Ko‘proq yangiliklar: