"Volfsburg" jamoasi hujumchisi Maks Kruze Germaniya terma jamoasi yig‘inlariga chaqirilmadi. Shundan so‘ng nemis nashrlari ushbu futbolchi uchun 2016 yil o‘ta omadsiz kelgani va shu yilning o‘zida futbolchi bir necha marta omadsizlikka yo‘liqqani haqida yoza boshladi.
Maks Kruze - yaxshi hujumchi. U juda chiroyli gollar uradi. Bu ma'lumotni tasdiqlash uchun quyidagi videoni ko‘rib chiqish kifoya.
Kruzedan murabbiylar markaziy hujumchi sifatida ham, qanotlarda ham, tayanch yarimhimoyachida ham foydalanishlari mumkin. 2015 yilda u Germaniya chempionatidagi katta transfer sifatida Menxengladbaxning "Borussiya" jamoasidan "Volfsburg" jamoasiga 12 mln yevro evaziga o‘tgandi. Ayni vaqtda 28 yoshda bo‘lgan bu futbolchi milliy terma jamoada shu vaqtgacha 14ta o‘yin o‘tkazgan va 4ta gol urgan (gollardan 2tasi ahamiyatsiz uchrashuvda Gibraltar termasi darvozasiga yo‘llangan). Yevro-2016 uchun saralash o‘yinlarida u doimiy ravishda terma jamoaga chaqirildi.
Futbol - Kruzening yagona mashg‘uloti emas. Bu futbolchi to‘p bilan muomila qilishdan tashqari, karta chiylashni ham boplaydi. 2014 yilda u poker bo‘yicha World Series of Poker turnirida finalga chiqqandi. Lekin uning bu qiziqishi o‘zi uchun qimmatga tushdi. Mart oyi boshida u politsiyaga murojaat qilib, kartada yutib olgani 75 ming yevro solingan sumkasini taksida unutib qoldirgani haqida aytdi. "Volfsburg" rahbariyati ham bundan xabardor bo‘lgach esa, futbolchi bilan tarbiyaviy soat o‘tkazildi va unga 25 ming yevro miqdorida jarima tayinlandi.
Kruz - xo‘randa. Bu futbolchi mazali taomlarni paqqos tushirishga ishtiyoqmand. Mart oyida, yo‘qolgan pul bilan bog‘liq voqeadan biroz o‘tib jamoa rahbariyati uni "Nutella" shokoladlarini ko‘p iste'mol qilgani uchun jazolagani haqida xabar paydo bo‘ldi. Bild nashri tarqatgan bu xabar "Volfsburg" vakillari tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lsada, Kruzening vazn orttirgani ko‘rinib turadi va jurnalistlar unga taomnomani o‘zgartirishni tavsiya etishda davom etishadi.
Kruze - xursandchilik qilishga o‘ch. Yana bir safar Bild nashri jurnalisti "Volfsburg" futbolchisini tungi klubda o‘z tug‘ilgan kunini nishonlayotganida "ushlab oldi". Futbolchi klub tashqarisida o‘zini suratga olayotgan muxbir qizni payqaydi va uning oldiga borib, qo‘lidan telefonini olib qo‘yishga urinadi. Lekin suratni o‘chirishning iloji bo‘lmaydi va futbolchining shu alfozdagi surati gazetaning navbatdagi soni sahifalaridan birida paydo bo‘ladi.
Kruze - Germaniya termasidan tashqarida. Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yoaxim Lyov terma jamoaning navbatdagi yig‘inlar uchun tarkibini tanlar ekan, o‘ziga faqat futbol haqida o‘ylaydigan futbolchilar kerakligini qayd etdi. 2014 yilgi jahon chempionatida zafar quchgan murabbiyda esa iste'dodli futbolchilar taqchilligi muammosi yo‘q va natijada Kruze tarkibdan tushib qoldi.
"Volfsburg" 75 ming yevro pul yo‘qotib qo‘ygan futbolchisini 25 ming yevrolik jarima bilan jazoladi